Nodavlat bogʻchalar tashkil etgan tadbirkorlarga ijara va soliqda yengilliklar hamda subsidiya va imtiyoli kredit beriladi

Nodavlat bogʻchalar tashkil etgan tadbirkorlarga ijara va soliqda yengilliklar hamda subsidiya va imtiyoli kredit beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-fevral kuni maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

 

Taqdimotda maktabgacha taʼlim sohasida xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi imtiyozlar ham muhokama qilindi.

 

Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlariga ham bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.

 

2027-2028-oʻquv yilidan boshlab maktabga tayyorlov guruhlarida taʼlim-tarbiya olgan bolalarga davlat namunasidagi elektron sertifikat berilishi, mazkur maʼlumotlar umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnomada qayd etilishi koʻzda tutilmoqda.

 

Maktabgacha taʼlim sohasida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida qamrov darajasi 80 foizdan past boʻlgan tuman va shaharlarda (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlar uchun qator qoʻllab-quvvatlash choralari joriy etiladi.

 

Jumladan, maktab va bogʻchalar hududidagi boʻsh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bogʻchalar tashkil etilganda, ijara toʻlovlari 30 yilgacha undirilmaydi. Shuningdek, har bir tarbiyalanuvchi uchun davlat bogʻchalarida bir bolaga toʻgʻri keladigan xarajatning 50 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Ushbu tartib 2024-yildan tashkil etilgan nodavlat bogʻchalarga ham tatbiq etiladi.

 

Qamrov darajasi past hududlarda bogʻcha va maktabdan tashqari joylarda quvvati kamida 150 oʻrinli nodavlat bogʻchalar tashkil etilsa, 7 yilgacha muddatga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi. Shu bilan birga, tarbiyachilarga oylik ish haqi toʻlash xarajatlari davlat bogʻchalarida belgilangan meʼyorlar asosida uch yil davomida qoplab beriladi. Har 30 nafar bolaga bir nafar tarbiyachi shtati hisoblanadi.

 

Mazkur imtiyozlar yangi koʻp kvartirali uylarning birinchi qavatida tashkil etiladigan xususiy bogʻchalarga ham tatbiq etiladi.

 

Bundan tashqari, 2030-yil 1-yanvarga qadar quvvati 150 oʻrindan kam boʻlmagan nodavlat bogʻchalar tashkil etgan tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi boʻyicha yengilliklar beriladi.