TOP 10 ta universitet tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy yordam turlari

TOP 10 ta universitet tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy yordam turlari

Dunyo miqyosidagi eng nufuzli universitetlar xalqaro talabalarga moliyaviy ahvolidan qatʼi nazar, ularning ilmiy izlanishlari va salohiyatlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan bir qator stipendiyalarni taklif qiladi.

 

Avvalgi maqolamizda biz chet elda oʻqish uchun grantlar turlari haqida maʼlumot bergan edik edik, bu safar esa TOP 10 ta universitet tomonidan taqdim etiladigan turli moliyaviy yordam turlari haqida gaplashamiz.

 

1. Massachusetts Technologiya Instituti (MIT)

 

MIT — Massachusetts Institute of Technology

 

Qabul qilinish ehtimoli: 4.8%

 

«Mind and Hand» — Massachusets texnologiya institutining shiori hisoblanadi. Dunyoda farovonlikka hissa qoʻshuvchi ilm-fan, texnologiya va ilmiy izlanish sohalaridagi bilimlarni targʻib qiladi.

 

MIT beshta maktab (arxitektura; muhandislik; sanʼat va ijtimoiy fanlar; menejment; aniq fanlar) va bitta kollejdan (kompyuter texnologiyalari) iborat mustaqil, xususiy moliyalashtirilgan, qoʻshma taʼlim universitetidir. MIT tadqiqotchilari sunʼiy intellekt, iqlim muammolari, OIV, saraton va kambagʻallikni bartaraf etish boʻyicha katta loyihalarning boshida turishadi. MIT ning oʻzagi innovatsion taʼlim tamoyili boʻlib qolmoqda.

 

MIT scholarships

 

– Bakalavriat

 

MIT stipendiyasi — moliyaviy yordamning eng keng tarqalgan turi. U ehtiyojga koʻra beriladi.

 

Bakalavr bosqichida tahsil olayotgan talabalarining 58% ga yaqini MIT stipendiyalarini olishadi, 2022–2023 oʻquv yili uchun ularning oʻrtacha miqdori 63,729 dollarni tashkil qiladi. Moliyaviy yordam olish uchun ariza berish uchun xalqaro talabalar College Student Service profilini va ularning ota-onalari soliq deklaratsiyasini yoki universitet kengashining IDOC xizmati orqali daromad hujjatlarini topshirishlari kerak.

 

Maqbullik shartlari:

 

– Talabalar odatda yuksak akademik qobiliyat, innovatsion tadqiqotlar yoki yetakchilik salohiyatini namoyish etishlari kerak.

 

Foydali tomonlari:

 

– MIT barcha qabul qilingan talabalar, shu jumladan xalqaro talabalarning moliyaviy ehtiyojini 100 foiz koʻrinishda qoplashga harakat qiladi.

 

2. University of Cambridge

 

University of Cambridge

 

Qabul qilinish ehtimoli: 15.7% atrofida

 

Kembrij universiteti dunyodagi eng qadimgi va Buyuk Britaniyadagi eng yirik universitetlardan biridir.

 

– Ajoyib ilmiy yutuqlari bilan obroʻsi butun dunyo boʻylab tanilgan va uning talabalarining intellektual yutuqlarini, shuningdek, universitet va kollejlar xodimlari tomonidan olib borilgan jahon miqyosidagi tadqiqotlarni aks ettiradi.

 

– Kembrij universiteti 100 dan ortiq boʻlimlar, fakultetlar va institutlardan iborat boʻlib, ularning aksariyati oʻz veb-saytlariga ega (Batafsil).

 

Xalqaro bakalavriat talabalari uchun moliyaviy yordam cheklangan, bunga Kembrij Hamdoʻstligi, Yevropa va Xalqaro ishonch mukofotlari va mamlakatga xos stipendiyalar kiradi. Bir nechta toʻliq bakalavriat stipendiyalari mavjud — aksariyatida qoʻllab-quvvatlash qisman amalga oshiriladi.

 

Cambridge MBA Scholarship dasturi.

 

– Magistratura

 

Dunyoning yetakchi universitetlaridan biri Buyuk Britaniyada joylashgan Kembrij universitetining MBA dasturi yetakchi biznes dasturlaridan biri hisoblanadi. Universitet tomonidan MBA, yaʼni biznes boʻyicha magistraturada oʻqimoqchi boʻlgan talabalarni moddiy jihatdan qoʻllab quvvatlash uchun Cambridge University MBA Scholarship dasturi tashkil etilgan.

 

Dasturga qabul qilinganlar Kembrij tarkibidagi Pembroke Collegeʼda oʻqish uchun moddiy yordam bilan taʼminlanadilar. Talabalar Foundation kursi sifatida 2 oy davom etuvchi The Boustany Foundation Internship amaliyotida ishtirok etadilar. Amaliyotda ishtirok etish uchun turarjoy va sayohat xarajatlari boʻyicha amaliy yordam koʻrsatiladi.

 

Ushbu dasturda avval ishtirok etgan talabalar haqida ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.

 

Maqbullik shartlari:

 

Dasturda ishtirok etish uchun nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:

 

– Nomzod avval Kembrij universitetining MBA dasturiga hujjat topshirgan va qabul qilingan boʻlishi lozim;

– Yuqori akademik koʻrsatkichga ega boʻlishi kerak;

– Ingliz tilini mukammal darajada bilishi shart.

Foydali tomonlari:

 

Dasturga qabul qilinganlar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:

 

– Oʻqish kontrakt toʻlovining 75% gacha qismi qoplab beriladi;

– Dasturga oid safar va turarjoy xarajatlari qoplab beriladi;

– 2 oy stajirovka qilish imkoniyati.

 

Geyts Kembrij stipendiyasi

 

– Magistratura va Ph.D

 

Gates Cambridge Scholarship — Geyts Kembrij stipendiya dasturi har yili Buyuk Britaniyadan tashqari barcha mamlakat fuqarolaridan 80 kishi uchun xarajatlari toʻliq qoplanuvchi stipendiya dasturini taklif etadi. Ushbu kvotaning taxminan, ⅔ qismi PhD talabalari uchun boʻladi. Stipendiya dasturida AQSHdan 25 ta va qolgan barcha davlatlardan 55 kishi uchun oʻrin moʻljallangan.

 

Tanlov mezonlari quyidagilardan iborat:

 

– Yuqor intellektual salohiyat;

– Kurs tanlovidagi sabablarning asosli ekanligi;

– Oʻzgalarning hayotini yaxshilash hissi;

– Yetakchilik salohiyati.

 

Dasturning maqsadi dunyo boʻylab oʻzgalarning hayotini yaxshilashga intiluvchan hamda yetakchilik qobiliyatiga ega boʻlgan shaxslarni bir nuqtaga toʻplashdan iborat.

 

Kembrij universitetida quyidagi kurslardan birini oʻtash uchun ariza berish mumkin:

 

– PhD (full-time yoki part-time);

– Mlitt — The Master of Letters — Ixtisoslashgan magistratura (full-time);

– Bir yillik magistratura (full-time).

 

Eslatma: Ushbu havola orqali berilgan kurslar uchun stipendiya ajratilmaydi.

 

Dastur stipendiyaga tayinlangan nomzodning xarajatlarini toʻliq qoplaydi hamda zarur boʻlgan taqdirda qoʻshimcha yordam mablagʻi ham ajratiladi.

 

Maqbullik shartlari:

 

– Dasturda Buyuk Britaniya mamlakatidan tashqari barcha davlat fuqarolari ariza topshirishlari mumkin;

– Kembrij universitetiga PhD (toʻliq yoki yarim shtatda), magistratura (toʻliq shtatda) yoki 1-yillik bakalavrdan keyingi kursga (toʻliq shtatda) oʻqishga topshirishi kerak;

– Nomzodlar oldingi oʻqish joylaridan aʼlo baholarga, soha doirasida maʼlum miqdorda tajriba hamda tavsiyanomalarga ega boʻlishlari lozim.

Foydali tomonlari:

 

– Gates Cambridge stipendiyasi grant sohibining xarajatlarini toʻliq taʼminlaydi;

– Bundan tashqari nomzodlarga qoʻshimcha hamda ixtiyoriy moliyaviy mablagʻlar ham ajratilishi mumkin.

 

Mazkur stipendiya toʻlashi mumkin boʻlgan quyidagi asosiy xarajatlar qoplanadi:

 

– Gʻolibning tegishli stavka boʻyicha universitetda oʻqish toʻlovi qoplanadi;

– Bitta talaba uchun stipendiya miqdori 2023–2024 stavkasi boʻyicha 12 oy uchun £20,000 pul miqdorini tashkil qiladi;

– PhD olimlari uchun grant 4-yilgacha amal qiladi;

– Oʻqish boshlanishi va tugashidagi borish-kelish aviachipta toʻlovlari qoplanadi;

– Kirish vizasi xarajatlari va sugʻurta xarajatlari toʻliq toʻlab beriladi.

Bundan tashqari qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash uchun nomzodlarga quyidagi moliyaviy yordam turi ham berilishi mumkin:

 

– Akademik rivojlanishni moliyalashtirish — konferensiyalar va kurslarda qatnashish uchun kurs davomiyligiga qarab £ 500 dan £ 2,000 gacha;

– Oilaviy nafaqa — bitta bola uchun 11 604 funt sterlinggacha va ikki yoki undan ortiq bola uchun 16,548 funt sterlinggacha (2023–24 stavkasi). Turmush oʻrtoq uchun pul ajratilmaydi;

– Nomzod doktorlik dissertatsiyasining bir qismi sifatida dala ishlarida boʻlgan taqdirda odatdagi texnik nafaqani saqlab qolish uchun ariza berishlari mumkin;

– Onalik/otalikni moliyalashtirish. Agar kerak boʻlsa, stipendiat 6 oygacha oʻqishni toʻxtatish uchun ariza topshirishi va shu vaqt ichida parvarishlash uchun nafaqa olishni davom ettirishi mumkin;

– Qiyinchiliklarni moliyalashtirish. Nomzod duch keladigan kutilmagan qiyinchiliklar uchun moʻljallangan.

Eslatma: Agar ishtirokchi ish beruvchidan maosh olayotgan boʻlsa yoki boshqa katta stipendiyaga ega boʻlsa, The Trust (homiy) stipendiya miqdorini kamaytirish yoki toʻlamaslik huquqini oʻzida saqlab qoladi. Agar nomzod Kembrijdagi ilmiy darajasi uchun biron-bir mablagʻ ajratilgan boʻlsa, bu haqda maʼlumot berishi lozim.

 

Koʻpgina xarajatlar stipendiya tomonidan qoplanadi, ammo Geyts Kembrij dastgoh toʻlovlari yoki ilmiy asbob-uskunalar yoki shunga oʻxshash akademik resurslar xarajatlarini qoplamaydi. Bunday asosiy kurs xarajatlari Kembrijdagi akademik boʻlim tomonidan qoplanishini kutilmoqda.

 

3. Oksford universiteti

 

University of Oxford

 

Qabul qilinish ehtimoli: 22%

 

Oksford universitetida asosiy kampus mavjud emas, uning binolari va inshootlari oʻrniga oʻrta asr shahar markazi atrofida tarqalgan. Universitetda toʻrtta akademik boʻlim mavjud:

 

– Humanities Division (www.humanities.ox.ac.uk);

– Mathematical, Physical & Life Sciences Division (www.mpls.ox.ac.uk);

– Medical Sciences Division (www.medsci.ox.ac.uk);

– Social Sciences Division (www.socsci.ox.ac.uk).

Aniq fanlar va tibbiyot boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turadi.

 

Talabalar oʻz vaqtlarini oʻqishga sarflashlari yoki koʻplab darsdan tashqari mashgʻulotlarga qatnashishlari mumkin. Oksford sport boʻyicha ham yuqori oʻrinlardan birini egallaydi, uning eng yaxshi eshkak eshuvchilari har yili Temza daryosida Kembrij universiteti bilan dunyoga mashhur qayiq poygasida qatnashadilar.

 

Palgrave Brown Scholarship

 

– Bakalavriat

 

Palgreyv Braun stipendiyasi Palgrave Brown Bursary Fund tomonidan tashkil etilgan boʻlib, u moliyaviy yordamga muhtoj boʻlgan baʼzi mamlakat bakalavr talabalarini moliyalashtiradi.

 

Maqbullik shartlari:

– Grantlar moliyaviy ehtiyoj asosida beriladi va akademik yutuqlar ham hisobga olinadi.

– U qisman moddiy yordam boʻlganligi sababli ushbu stipendiya potensiali kuchli talabalarga ustunlik beriladi.

 

Foydali tomonlari:

– Dastur davomiyligiga qarab 3 yoki 4-yil davomida moliyaviy yordam beriladi.

– Yashash xarajatlari uchun kamida £ 14,085-yillik grant.

– Olti yillik tibbiyot dasturlarida tahsil olayotgan talabalar oʻqishning dastlabki toʻrt yili uchun mablagʻ oladilar.

 

Clarendon granti

 

– Magistratura va doktorantura

 

Clarendon granti har yili dunyoning turli burchaklaridan boʻlgan bakalavr bosqichini tamomlagan turli soha vakillari uchun toʻliq moliyalashtiriladigan grantni eʼlon qiladi. Grant magistratura va doktorantura bosqichini Oksford universitetida oʻqish imkonini yaratib beradi. Shuningdek, ishtirokchilar nafaqat uzluksiz taʼlim (full-time), balki sirtqi taʼlim (part-time) shaklida oʻqish uchun ham ariza topshirish imkoniga egalar. Oksford dunyoning eng nufuzli universitetlaridan biri hisoblanadi. Clarendon granti eʼlon qilingan yil, yaʼni 2001-yildan boshlab 2,500 dan ortiq nomzodlar grant sohibiga aylangan. Ushbu dastur nomzodlarga nafaqat hayotlarida burilish nuqtasini yasovchi Oksford universitetida oʻqish imkonini, balki jamiyatda uzoq davom etadigan ijtimoiy, akademik va professional aloqalarni oʻrnatishga yordam beradi.

 

Maqbullik shartlari:

 

– Ishtirokchilar ingliz tilini bilishlari shart. Sertifikatning soʻraladigan bali esa nomzod topshiradigan yoʻnalishiga qarab farq qiladi;

– Dasturda barcha millat vakillari oʻzlari istagan yoʻnalishdagi magistratura yoki doktorantura bosqichida oʻqishlari mumkin. Grantning alohida ajralib turadigan jihati shundaki, ushbu dastur butun dunyo boʻylab akademik koʻrsatkichi yuqori, faol va harakatchan talabalarni saralab oladi;

– Saralash jarayonida nomzodlarning akademik koʻrsatkichlari va muvaffaqiyatlariga asosiy eʼtibor qaratiladi. Ishtirokchilarning akademik koʻrsatkichlari GPA tizimida 4 dan kamida 3,7 boʻlishi lozim (balli tizimda 100 balldan 96 ballga toʻgʻri keladi);

– Nomzodlar grantni yutish va universitetda oʻqishga boʻlgan ishtiyoqi, qobiliyati va akademik potensiallarini ariza topshirish jarayonida, yaʼni motivatsion xat, tavsiyanoma va tadqiqot rejasi kabi hujjatlarda namoyon qilib bera olishlari lozim. Saralash jarayonida ushbu hujjatlar asosiy oʻrin tutadi.

 

Foydali tomonlari:

 

– Dastur gʻoliblari universitetda oʻqish uchun kontrakt pulidan ozod qilinadilar;

– Talabalarga oʻqish davomida stipendiya taqdim etiladi;

– Oʻqish davomidagi yashash xarajatlari ham grant tomonidan qoplab beriladi. Shu asnoda dastur maʼmuriyati talabalarning faqatgina oʻqishga eʼtibor qaratishlarini taʼminlashni rejalashtirgan;

– Yaratib berilgan imkoniyatlar orqali grant sohiblari oʻqish davomida Oksforddagi aktiv hayotni yashash imkoni va eng muhimi, darslardan boʻsh vaqtda dam olish hamda yangi doʻstlar orttirish imkoniga ega boʻlishadi;

– Grantning sirtqi taʼlim (part-time) shaklida oʻqiyotgan talabalariga esa faqatgina oʻqish bilan bogʻliq toʻlovlar toʻlab beriladi.

 

Oxford-Pershing Square Graduate Scholarships

 

– Magistratura

 

Buyuk Britaniyaning eng nufuzli universitetlaridan biri University of Oxford oliygohi Oksford 1+1 MBA dasturida oʻqishni xohlovchilar uchun Oxford-Pershing Square Graduate Scholarships dasturini taklif qiladi. Dasturda akademik va ijtimoiy jihatdan faol, kuchli bilim va salohiyatga ega boʻlgan nomzodlar ishtirok etishi mumkin.

 

Dasturga qabul qilinganlar dunyoning eng nufuzli universitetida bepul oʻqish, kuchli professorlar darslari orqali oʻz bilim va tajribalarini oshirish bilan birga dastur davomida yillik stipendiya bilan ham taʼminlanadilar.

 

Maqbullik shartlari:

 

Dasturda ishtirok etish uchun nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:

 

– Nomzod ushbu universitetning Oksford 1+1 MBA dasturi talablariga javob berishi va oʻsha dastur uchun hujjat topshirgan boʻlishi kerak;

– Hozirda magistratura yoki PhD kursini oʻqiyotgan va uni tamomlagandan soʻng akademik taʼtillarsiz MBAga hujjat topshirayotgan Oksford talabalari ishtirok etishi mumkin;Yuqori akademik koʻrsatkichga va GMAT/ GRE sertifikati yoki boshqa mukofotlarga ega boʻlishi lozim;

– Kuchli yetakchilik qobiliyatiga ega boʻlishi va uni ariza topshirish jarayonida koʻrsatib bera olishi kerak;

– Oksford 1+1 MBA dasturi kelajakdagi karyerasi uchun qanday ahamiyatga egaligini toʻliq isbotlay olishi lozim;

– Ingliz tilini mukammal darajada bilishi shart.

Foydali tomonlari:

 

Dasturga qabul qilingan nomzodlar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:

 

– Dastur davomida oʻquv kontrakt toʻlovidan ozod etiladi;

 

– 2-yillik oʻqish davomida yashash xarajatlari uchun yillik £17,668 ($22,238) stipendiya bilan taʼminlanadi.

 

4. Garvard universiteti

 

Harvard University

 

Qabul qilinish ehtimoli: 4.92%

 

Garvarddagi toʻrt yillik kunduzgi bakalavriat dasturiga oz sonli talabalar qabul qilinadi.

 

– Garvard 49 ta yoʻnalishni taklif qiladi, ularning aksariyati fanlararo va oldindan belgilangan oʻquv rejasi yoʻq: talabalar oʻz reja va maqsadlariga koʻra yoʻnalishlarini tanlashadi.

– Garvard universitetiga hujjat topshirish Everest choʻqqisiga chiqishga oʻxshaydi. Faqat eng kuchlilargina muvaffaqiyat qozonadi. Ammo kirgandan soʻng, qanday moliyaviy yordam olish haqida oʻylash kerak emas. Garvard davlat universitetlariga qaraganda amerikaliklarning 90 foizi uchun arzonroq va xalqaro talabalar ham amerikalik talabalar bilan bir xil moliyaviy yordam olishadi.

Moliyaviy yordam

 

– Bakalavriat

 

Garvard eng isteʼdodli talabalarni qabul qilgani bois ularning moliyaviy ahvolidan qatʼiy nazar ikkita muhim tamoyilga amal qiladi:

 

– Need-blind admissions. Sizning moliyaviy ehtiyojingiz va yordam uchun arizangiz Garvardda oʻqish imkoniyatingizga hech qachon taʼsir qilmaydi.

– 100% ehtiyojga asoslangan yordam. Talabaning qobiliyatiga emas, balki pulga muhtojligiga qaraladi. Bu, shuningdek, full-ride scholarship boʻlib, talabalarning barcha xarajatlari qoplab beriladi.

 

Eslatma!

 

Parent-contribution. Universitet rivojiga hissa qoʻshish uchun barcha talabalar oilasi hisobidan oʻqishi uchun maʼlum miqdorda pul oʻtkazishi kerak. Koʻpgina oilalar uchun bu oila daromadining noldan 10 foizigacha hisoblanadi. Katta mol-mulki boʻlgan oilalardan koʻproq toʻlash talab qilinadi, ammo uy-joy kapitali va pensiya aktivlari moliyaviy ehtiyojni baholashda hisobga olinmaydi. Net price calculator hisoblash uchun. Oʻzbekistonlik talabalar bundan xavotirga tushmasa ham boʻladi, chunki yillik daromadi mezonda belgilanganga qaraganda ancha kam.

 

Student contribution. Garvard taʼlimining asosiy mezoni sifatida barcha talabalar oʻzlarining oʻqish xarajatlariga hissa qoʻshishlari kutiladi. Sizga beriladigan moliyaviy yordam mukofoti oʻz daromadingizdan kutilayotgan mablagʻni oʻz ichiga oladi. Aksariyat talabalar talabalar buning uchun ishlaydilar, tashqi mukofotlar yoki talaba kreditlaridan foydalanadilar.

 

Maqbullik shartlari:

 

– Bakalavr talabalari Garvard universitetida moliyaviy yordam olishlari mumkin. Mahalliy va xalqaro talabalar bir xil moliyaviy yordamga ariza topshirish tartibiga rioya qilishlari kerak.

– Ariza beruvchilar oʻzlarining moliyaviy ahvoli, jumladan, mukofotlar, oilaviy aktivlar va daromadlar haqida batafsil maʼlumot berishlari kerak.

– Moliyaviy yordam faqat moliyaviy ehtiyojini koʻrsata oladigan talabalarga beriladi, chunki yordamning qiymati koʻrsatilgan ehtiyojga bogʻliq.

 

Foydali tomonlari:

– Oʻqish, turar joy, transport, oziq-ovqat va qoʻshimcha xarajatlarni toʻliq qoplaydi.

 

5. Stenford universiteti

 

Stanford University

 

Qabul qilish darajasi: 4.34%

 

1885-yilda asos solingan va 1891-yilda talabalar uchun oʻz eshiklarini ochgan Stenford universiteti ilm-fan, kashfiyotlar va innovatsiyalar makonidir.

 

8180 gektar maydonni egallagan va 600 dan ortiq binolarni oʻz ichiga olgan universitet kampusi nafaqat oʻzining hajmi, balki ilmiy-tadqiqot yutuqlari bilan ham ajralib turadi. Universitetda 7,841 talaba va 9,688 bitiruvchi tahsil olmoqda, ularni 2,323 professor-oʻqituvchilar, jumladan Stenford hamjamiyatining bir qismi boʻlgan 20 nafar Nobel mukofoti sovrindorlari qoʻllab-quvvatlaydi.

 

Akademik jihatdan Stenford oʻzining yettita maktabida bakalavriat va magistratura dasturlarining keng tanlovlarini taklif etadi:

 

Biznes

Doerr Barqarorlik maktabi

Taʼlim

Muhandislik

Ijtimoiy fanlar

Huquq

Tibbiyot

 

Moliyaviy yordam:

 

– Bakalavriat

 

Stenford har tomonlama, ehtiyojga asoslangan moliyaviy yordamni taklif qiladi, bu esa barcha qabul qilingan bakalavr talabalariga tahsil olish imkonini beradi. Ammo xalqaro bakalavr talabalariga cheklangan holda moliyaviy yordam beriladi.

 

Maqbullik shartlari:

 

– Ushbu yordamga ega boʻlish uchun xalqaro talabnoma beruvchilar oʻqishga kirishda moliyaviy yordamga muhtojligini koʻrsatishlari kerak. Qabul qilingan talabalar oʻz oilalarining moliyaviy sharoitlariga qarab yordam mablagʻlarni oladi;

– Qabul jarayonida moliyaviy yordam soʻramagan xalqaro talabalar Stenfordda bakalavriat bosqichida oʻqish davomida yordam soʻrab murojaat qilish huquqiga ega emaslar.

– Biroq, agar xalqaro talabaning maqomi oʻzgarsa va u oʻqish vaqtida federal talaba yordami olish huquqiga ega boʻlsa, u maqomi oʻzgargan vaqtdan boshlab ehtiyojga asoslangan stipendiya olish huquqiga ega boʻlishi mumkin.

Foydali tomonlari:

– Oʻqish, turar joy, transport, oziq-ovqat va qoʻshimcha xarajatlarni toʻliq qoplaydi.

Knight-Hennesy Scholars

 

– Magistratura va doktorantura

 

Stenford universitetidagi Knight-Hennessy Scholars dasturi global muammolarga samarali yechim topishga intilgan aspirantlarning fanlararo hamjamiyatini rivojlantirish uchun moʻljallangan taniqli stipendiyadir.

 

Dastur ishtirokchilari Stenford universitetida oʻqish davomida nafaqat chuqur akademik bilimga ega boʻladilar, balki Knight-Hennessy Fellows hamjamiyatidagi keng koʻlamli fanlar va imkoniyatlari bilan tanishadilar. Dastur Stenforddagi har qanday magistratura va doktorantura yoʻnalishini, shu jumladan qoʻshma va ikki tomonlama diplomlarni toʻliq moliyalashni taʼminlovchi dunyodagi eng yirik stipendiya dasturi sifatida tavsiflanadi.

 

Maqbullik shartlari:

 

Birinchidan, Knight-Hennessy Scholars (KHS) dasturiga ariza topshirishdan tashqari, siz Stenford universitetining kunduzgi: DMA, JD, Magistratura, MBA, MD, TIV, MPP, MS, PhD va boshqa dasturlariga qabul qilingan boʻlishingiz lozim. Quyidagi toʻrtta shartdan kamida bittasini bajarishingiz kerak:

 

  1. Siz bir vaqtning oʻzida kunduzgi dastur boʻyicha ham KHS, ham Stenford universitetiga hujjat topshirasiz va ikkala oʻqishni boshlab yuborasiz.
  2. Sizga allaqachon Stenford universitetining kunduzgi dasturida oʻishni taklif qilishgan, ammo siz uni rad etgansiz va KHS bilan ikkalasini bir yilda boshlash uchun KHSga hujjat topshirasiz.
  3. Siz hozir Stenford universiteti talabasisiz va yangi dasturda oʻqishni boshlash uchun Stenford universitetining ikkinchi kunduzgi dasturida oʻqish uchun KHSga ariza topshirasiz.
  4. Siz Stenford universitetida PhD yoʻnalishida birinchi bosqich talabasisiz va KHSda oʻqishni aspiranturaning ikkinchi yilida boshlash uchun hujjat topshirmoqdasiz.

 

Fanlar va sohalar uchun kvotalar aniq belgilanmagan. Eʼtibor bering, Stenfordda kamida ikki yil oʻqiganlarga ustunlik beriladi.

 

Ikkinchidan, siz 2017-yil yanvar oyida yoki undan keyin AQSH universitetlari yoki boshqa tan olingan universitetlardan bakalavr darajasini olgan boʻlishingiz kerak. Harbiy xizmatni oʻtagan abituriyentlar uchun muddat ikki yilga uzaytirilgan, yaʼni 2015-yildan boshlab hisoblanadi.

 

Foydali tomonlari:

 

– Dastur uch yillik oʻqish, turar joy, akademik xarajatlar va sayohat uchun mablagʻni oʻz ichiga oladi;

 

– Knight-Hennessy Scholars dasturi yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish, jamoat ishlarida faol ishtirok etish va aholi tafakkurini shakllantirishga urgʻu beradi;

 

– Stipendiyatlar turli xil seminarlar, maʼruzalar, loyihalar va sohaviy tajribalarni oʻz ichiga olgan King Global Leadership dasturida ishtirok etadilar.

 

– Bitiruvchilar murakkab global muammolarni hal qilishga qodir boʻlgan va uzoqni koʻra oladigan, jasur va hamkorlikka tayyor boʻlgan yetakchilarga aylanishlari mumkin. Ular iqlim oʻzgarishi, sogʻliqni saqlash, davlat boshqaruvi, siyosat va taʼlim kabi dunyo oldida turgan muhim muammolar va imkoniyatlarni hal qilishga tayyorlanishadi.

 

Batafsil: Knight-Hennessy Scholars (stanford.edu)

 

6. Imperial London Kolleji

 

Imperial College London

 

Qabul qilinish ehtimoli: 40%* (Aniq maʼlumotlar berilmagan)

 

London Imperial kolleji dunyoga mashhur ilm-fan, texnologiya, muhandislik, tibbiyot va biznes (STEMB) instituti boʻlib, tadqiqotga asoslangan taʼlim va global muammolarni hal etishga qoʻshgan katta hissasi bilan tan olingan.

 

«Be of Use» shiori ostida universitetga asos solgan Imperial oʻzini ilm-fan orqali koinotni tushunish va odamlar hayotini yaxshilashga bagʻishladi.

 

Erasmus Mundus Joint Masters stipendiyasi

 

– Magistratura

 

Siz London Imperial kollejida oʻqishingiz uchun Erasmus Mundus Joint Masters stipendiyasini yutib olishingiz mumkin. Erasmus Mundus qoʻshma magistratura dasturlari Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlmagan davlatlarning oliy taʼlim muassasalari konsorsiumlari tomonidan yaratilgan yuqori darajadagi integratsiyalashgan oʻquv dasturlaridir.

 

Maqbullik shartlari:

– Erasmus Mundus stipendiyasini olish uchun siz bakalavr darajasiga ega boʻlishingiz yoki magistratura dasturini boshlashdan oldin uni yakunlashni rejalashtirgan bakalavr darajangizning oxirgi yilida boʻlishingiz kerak.

– Dasturlar kamida uchta taʼlim muassasasi tomonidan birgalikda olib boriladi va darslar, tadqiqot, amaliyot, tayyorgarlik va dissertatsiyani oʻz ichiga olishi mumkin.

– Muvaffaqiyatli nomzodlar konsorsium institutlaridan qoʻshma daraja yoki bir nechta darajalarga ega boʻladilar.

 

Foydali tomonlari:

 

– Ushbu nufuzli dasturlar xalqaro hamkorlik orqali oliy taʼlim sifatini oshirishga va butun dunyo boʻylab eng yaxshi talabalarga toʻliq stipendiyalar taqdim etishga qaratilgan.

– Grantlar magistrlik dasturining butun muddati davomida ishtirok etish, sayohat, viza va turar joy xarajatlarini qoplaydi.

 

7. Shveytsariya Federal texnologiya instituti Tyurix

 

ETH Zurich

 

Qabul qilinish ehtimoli: 8%

 

ETH Zurich xalqaro talabalar uchun turli stipendiyalar va moliyaviy yordam imkoniyatlarini taklif etadi, bu ham yashash xarajatlarini, ham akademik oʻqishni qoʻllab-quvvatlaydi. Muassasaning taʼkidlashicha, oʻqishni moliyalashtirish birinchi navbatda talabalar va ularning oilalariga tegishli boʻlsada, ETH Zurich moliyaviy imkoniyatlarga asoslangan yordamchi ijtimoiy stipendiyalarni taqdim etishi mumkin, ammo ular yashash va oʻqish xarajatlarini toʻliq qoplamaydi.

 

Excellence Scholarship & Opportunity Programme

 

– Magistratura

 

Shveysariyadagi dunyoning top 10 talik universitetlariga kiruvchi ETH Zurich bakalavr bosqich baholari yuqori boʻlgan talabalarga magistratura bosqichida oʻqish uchun Excellence Scholarship & Opportunity Programme dasturini taqdim qiladi.

 

Ishtirokchilar magistratura bosqichida oʻzi tanlagan akademik dastur boʻyicha chuqur bilimga va uning bir yoki bir nechta jihatlariga ega boʻlishadi. Dastur davomida talabalar kontrakt toʻlovidan ozod qilinadi hamda yashash va oʻqish xarajatlari qoplanadi.

 

Maqbullik shartlari:

 

– Bakalavr baholari aʼlo darajada boʻlishi (oʻz bakalavr dasturida top 10% ichida);

– ETH Zurich Universiteti magistratura talablariga javob berishi va unga qabul qilinishi (grant uchun alohida hujjat topshiriladi);

– Agar nomzod allaqachon Shveysariya ETH magistrlik dasturiga qabul qilingan yoki magistr darajasiga ega boʻlsa, ushbu dasturga hujjat topshira olmaydi.

 

Ushbu havola orqali batafsil tanishishingiz mumkin.

 

Foydali tomonlari:

 

– Oʻquv toʻlovidan ozod qilinadi;

– Yashash va oʻqish xarajatlari uchun har bir semestrda 12,000 CHF ($13,000) ajratiladi.

 

Swiss Government Excellence Scholarships for Foreign Scholars and Artists

 

– PhD

 

Shvetsariya hukumatining xorijiy olimlar va rassomlar uchun stipendiyalari (tadqiqot stipendiyasi) hisoblanadi.

 

Maqbullik shartlari:

 

– Kamida magistr darajasiga ega boʻlish va ilmiy rahbar tayinlangan boʻlishi kerak.

 

Foydali tomonlari:

 

– Mamlakatga qarab har oylik stipendiya beriladi.

 

Agar siz magistraturani tamomlaganingizdan soʻng Shvetsariyada tadqiqot olib borishni rejalashtirmoqchi boʻlsangiz, ushbu stipendiya sizga kerakli yordam qoʻlini choʻzishi mumkin. Shvetsariya hukumati 180 dan ortiq mamlakatlardan kelgan talabalarga oylik grant taklif qiladi. U ayniqsa magistratura yoki Ph.D darajasini tamomlagan xalqaro yosh tadqiqotchilarga qaratilgan.

 

8. National University of Singapore (NUS)

 

NUS — National University of Singapore

 

Qabul qilinish ehtimoli: 36%* (Aniq maʼlumotlar mavjud emas)

 

Singapur Milliy Universiteti (NUS) Singapurda joylashgan nufuzli davlat tadqiqot universitetidir. U nafaqat sifatli taʼlim taqdim etadi, balki koʻplab fanlar boʻyicha Osiyo va dunyo uchun dolzarb boʻlgan muammolarni hal qiluvchi tadqiqot markazi sanaladi. Universitet innovatsion gʻoyalarni rivojlantirish uchun sanoat, hukumat va boshqa turli muassasalar bilan faol hamkorlik qiladi.

 

SINGA grant dasturi

 

– PhD

 

Singapur Xalqaro bitiruvchilar mukofoti (SINGA) Nanyang Texnologiya Universiteti (NTU), Singapur Milliy Universiteti (NUS), Singapur Texnologiya va Dizayn Universiteti (SUTD), Singapur Menejment Universiteti (SMU) va A*STAR fan va texnologiya agentligi hamkorligida tashkil etilgan.

 

Yuqoridagi universitetlardan biriga yoki A*STAR tadqiqot agentligiga qabul qilinsangiz, yuqori malakali va tajribali professorlar bilan doktorlik dissertatsiyasini yoqlash imkoniyatiga ega boʻlasiz. Mukofot oʻqish toʻlovlarini, turarjoy xarajatlarini oʻz ichiga oladi

 

Maqbullik shartlari:

 

– Tadqiqot qilishga qiziquvchi va yuqori akademik salohiyatga ega barcha xalqaro talabalar ariza topshirishlari mumkin;

– Ingliz tilida yozma va ogʻzaki koʻnikmalari yaxshi boʻlishi;

– Akademik darajaga ega insonlardan tavsiyanomalarga ega boʻlish.

 

Eslatma: Yuqoridagi talablar topshirayotgan yoʻnalishingizga qarab oʻzgarishi mumkin.

 

Foydali tomonlari:

 

Grant PhD (Doktorantura) bosqichi uchun 4-yil mobaynida quyidagilarni qoplaydi:

 

– Kontrakt;

– Oylik 2200 Singapur dollari miqdorida stipendiya, malaka imtihoni topshirgandan keyin 2700 dollarga oshiriladi;

– 1500 Singapur dollari miqdoridagi aviachiptalar uchun bir martalik grant;

– 1000 Singapur dollari miqdoridagi turar-joy uchun bir martalik moliyaviy yordam.

 

Eslatma: Talabalar yotoqxonasida turish imkoniyati asosan birinchi kurs talabalariga beriladi.

 

Dasturning foydali jihatlari haqida batafsil maʼlumotni ushbu havola orqali olish mumkin.

 

9. UCL (University College London)

 

UCL — Londonʼs Global University

 

Qabul qilinish ehtimoli: 36%* (Aniq maʼlumotlar mavjud emas)

 

London Universitet kolleji (UCL) Londonning markazida joylashgan koʻp tarmoqli ajoyib taʼlim muassasasidir.

 

1826-yilda tashkil etilgan UCL oʻzining xilma-xillik va inklyuzivlik bilan ajralib turadi.

 

Universitetda 150 dan ortiq mamlakatlardan 50 000 dan ortiq talabalar bor, ularni 16 000 dan ortiq xodimlar qoʻllab-quvvatlaydi. Universitetning taʼlim va tadqiqotga boʻlgan yondashuvi anʼanaviy donolikka qarshi chiqish, jamiyatni boshqacha fikrlashga va haqiqiy muammolarni hal qilishga undashga qaratilgan.

 

UCL doimiy ravishda dunyoning eng yaxshi universitetlari qatoriga kiradi, bu uning tadqiqot, taʼlim sifati va innovatsiyalardagi mukammalligini aks ettiradi. Universitet Buyuk Britaniyada oʻzining tadqiqot kuchi bilan tanilgan va taʼlim va tadqiqotga taʼsiri boʻyicha dunyoda birinchi oʻntalikka kirgan bir nechta fanlarga ega.

 

UCL Global Masters stipendiyasi

 

– Magistratura

 

Ushbu stipendiya daromadi past boʻlgan xalqaro talabalarga University College Londonda magistraturada oʻqishga kirish va ularni ragʻbatlantirishga qaratilgan.

 

Ushbu dastur yoshi, millati dini va irqidan qatʼiy nazar dunyo boʻylab magistratura bosqichini Buyuk Britaniyada oʻqish istagida boʻlgan hamda bakalavr bosqichini tamomlagan yoshlar uchun moʻljallangan.

 

Dasturga qabul qilingan nomzodlarga £15,000 miqdorida stipendiya ajratiladi va ushbu stipendiya birinchi navbatda oʻquv toʻlovlarini qoplashga hamda yil davomida talabaning boshqa taʼminotlari uchun sarflanadi.

 

Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali tanishish mumkin.

 

Maqbullik shartlari:

 

Dasturda qatnashish uchun nomzodlardan quyidagilar talab etiladi:

 

– Nomzod chet elda toʻlov stavkasini toʻlash huquqiga ega boʻlish kerak;

– Kelib chiqishi past daromadli oiladan boʻlishi lozim;

– 2024/25-yilda University College Londonda kunduzgi (full-time) magistraturaga qabul uchun ariza topshirgan boʻlishi kerak.

 

Ushbu dasturga ariza topshirish uchun nomzoddan quyidagilar talab etiladi:

 

– Nomzodning eng yuqori akademik malakasi, uni qachon, qayerda, qaysi oʻquv maskanida va qaysi sohada bitirgani haqida maʼlumot berilishi kerak (Misol uchun, e.g. BSc Economics, UCL, UK, 2015);

– Bakalavr davrida erishilgan baholar haqida maʼlumot. Baholarni Buyuk Britaniya ekvivalentiga ushbu havola orqali oʻgirish mumkin;

– Oilaviy kirim haqida maʼlumot berilishi kerak. Agar nomzod yolgʻiz yashasa va oʻzini-oʻzi taʼminlasa, u holda faqat oʻzining kirim miqdori haqida maʼlumot beradi.

 

Dastur maqbullik shartlari haqida batafsil ushbu havola orqali tanishish mumkin.

 

Foydali tomonlari:

 

Dasturga qabul qilingan nomzodlar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:

 

– Stipendiya, uning miqdori £15,000 ni tashkil etadi;

– UCL Global Masters stipendiyasi stipendiyalar yoki mukofotlar tarzida berilishi mumkin. UCL mukofotining miqdori talaba tomonidan olingan boshqa mablagʻlarning umumiy qiymatiga qarab oʻzgartirilishi mumkin.

– Grant birinchi navbatda talabaning oʻqish toʻlovi uchun qoʻllaniladi. Qolgan qismi oʻquv yili davomida taʼminot uchun uchga boʻlib toʻlanadi.

 

Eslatma: Ushbu stipendiya faqat bir oʻquv yili uchun amal qiladi.

 

Dastur maqbullik shartlari haqida batafsil ushbu havola orqali tanishish mumkin.

 

10. Kaliforniya universiteti, Berkli (UCB)

 

University of California Berkeley

 

Qabul qilinish ehtimoli: 11.6 %

 

1868-yilda asos solingan Kaliforniya universiteti, Berkli (UCB) davlat tadqiqot universiteti va Kaliforniya universiteti tizimiga aloqador oʻnta tadqiqot universitetlarining yetakchi institutidir.

 

Berkli Amerika Universitetlari Assotsiatsiyasining 14 ta asoschi aʼzolaridan biri boʻlib, unda dunyoga mashhur tadqiqot institutlari, jumladan, matematika fanlari tadqiqot instituti va kosmik fanlar laboratoriyasi joylashgan.

 

Berkli bitiruvchilari, professor-oʻqituvchilari va tadqiqotchilari orasida 99 ta Nobel mukofoti sovrindorlari, 23 nafar Tyuring mukofoti sovrindorlari va 14 nafar Pulitser mukofoti sovrindorlari bor.

 

Moliyaviy yordam

 

– Bakalavriat

 

Bu ehtiyojlariga asoslangan moliyaviy yordam faqat eng koʻp moliyaviy ehtiyojga ega boʻlgan va moliyaviy ahvolida sezilarli oʻzgarishlarni boshdan kechirgan xalqaro talabalar uchun moʻljallangan. Doimiy yordam koʻrsatish uchun moʻljallanmagan va toʻliq oʻqish toʻlovlarni qoplamaydi.

 

Maqbullik shartlari:

 

Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi koʻplab universitetlarda xalqaro talabalar moliyaviy yordam olishlari oson emas. Bunda ular federal, shtat va ehtiyojga asoslangan universitet moliyaviy yordamini olish huquqiga ega emaslar.

 

Faqat AQSH fuqarolari, fuqaroligi boʻlmaganlar va AB 540 talablari boʻlgan talabalar federal, shtat va/yoki ehtiyojga asoslangan moliyaviy yordam olishlari mumkin. Ammo shunday boʻlsada, UC Berkeley xalqaro talabalar uchun bir qancha stipendiya imkoniyatlarini taklif qiladi. Quyida bir nechta tavsiyalar berib oʻtamiz:

 

– Tadqiqot stipendiyalari. AQSH va oʻz mamlakatingizdagi xususiy tashkilotlarning stipendiyalarini qidiring. Grantlar va stipendiyalar taklif etuvchi tegishli tashkilotlarni topish uchun taʼlim sohangiz boʻyicha izlaning.

– Fakultet stipendiyalari yoki grantlari. Sizni qiziqtirgan fakultetda tahsil oluvchi talabalardan turli stipendiyalar haqida bilib oling.

– Magistratura talabalarini qoʻllab-quvvatlash. Agar siz magistratura talabasi boʻlsangiz, har bir boʻlim tomonidan boshqariladigan magistratura talabasi tadqiqotchisi va magistratura talabalari oʻqituvchilaridan moliyaviy yordam haqida soʻrang.

Yuqorida keltirilgan stipendiya va grantlar sizga eng yaxshi universitetlarda tahsil olishingiz uchun yordam beradi. Faqat izlanishdan toʻxtamang va moliyaviy yordam olish uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni shakllantiring.