Yakuniy attestatsiyada qoniqarsiz baho olgan bitiruvchilar qayta oʻqishga qoldirilishi mumkin

Yakuniy attestatsiyada qoniqarsiz baho olgan bitiruvchilar qayta oʻqishga qoldirilishi mumkin

Maktab oʻquvchilarining sifatli bilim olishini va ularni umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlariga mos holda oʻqitish natijalarini nazorat qilishni taʼminlash maqsadida umumtaʼlim muassasalarida joriy, oraliq, bosqichli va yakuniy nazorat imtihonlari oʻtkaziladi.

 

Umumtaʼlim muassasalarining 5-11-sinf oʻquvchilari tegishli fanlardan bosqichli nazoratlarni muvaffaqiyatli topshirganlaridan so‘ng ularni keyingi sinfga oʻtkazishga qaror qilinadi.

 

Shuningdek, maktab bitiruvchi oʻquvchilari uchun ham umumiy oʻrta taʼlim dasturlarini toʻliq oʻzlashtirgandan keyin yakuniy attestatsiyadan oʻtish majburiy hisoblanadi. Maktab bitiruvchilarining bilimi, malaka va koʻnikmalariga qoʻyilgan talablarning bajarilishi boʻyicha yakuniy attestatsiya yozma, ogʻzaki yoki test usulida har bir fanning amaldagi oʻquv dasturi asosida oʻquv yilining yakuni boʻyicha oʻtkaziladi.

 

Taʼlim dasturlarini davlat taʼlim standartlari talablari darajasida oʻzlashtirgan va oʻquv fanlaridan yil yakuni boʻyicha ijobiy baholangan, yoki bitta oʻquv fanidan qoniqarsiz baholangan bitiruvchilar maktab pedagogik kengashi qaroriga asosan yakuniy attestatsiyaga qoʻyiladi.

 

Xalq taʼlimi vazirining 2008-yil 4-martdagi 56-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim oluvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi toʻgʻrisida”gi nizomga koʻra, bir yoki ikki fandan oʻtkazilgan yakuniy attestatsiyada qoniqarsiz baho olgan bitiruvchilarga oxirgi yakuniy attestatsiyadan keyin ikki hafta oʻtgach qoniqarsiz baho olgan fanidan qayta yakuniy attestatsiyadan oʻtish huquqi beriladi.

 

Yillik baho va yakuniy attestatsiya natijalariga koʻra, umumiy oʻrta taʼlim davlat taʼlim standartlari talablarini bajarmay, “qoniqarsiz” baho olgan bitiruvchilar shu sinfda qayta oʻqishga qoldiriladi.