Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri ilmiy darajalar (PhD va DSc) himoyasi jarayonini soddalashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan takliflarni ma’lum qildi. Ayni paytda bu oʻzgarishlar muhokama jarayonida.
Agar ular tasdiqlansa, ilmiy tizimda chinakamiga siljish yuz beradi. Xoʻsh, nimalar oʻzgarishi mumkin?
Avtoreferat tarixga aylanadimi?
Taklif: Avtoreferat yozish va chop qilishni bekor qilish.
Izoh: Yuzlab nusxada kitobcha chiqarish va tarqatish majburiyati yoʻqolishi mumkin.
“Yetakchi tashkilot” toʻsigʻi olib tashlanadi
Taklif: Yetakchi tashkilotdan oʻtishni bekor qilish.
Izoh: Koʻpincha shunchaki rasmiyatchilik va vaqt choʻzishdan iborat boʻlgan, tadqiqotchining asabini yeydigan yana bir bosqich qisqaradi.
Kengash tuzish erkinligi
Taklif: Bir martalik ilmiy kengash tuzish vakolatini universitet va institutlarning oʻziga berish.
Izoh: Bu akademik mustaqillik sari katta qadam. OAKning ruxsatini kutib oylab vaqt yoʻqotishlarga chek qoʻyiladi.
Byulletenda eʼlon qilish shart emas
Taklif: OAK byulletenida mavzu eʼlon qilishni bekor qilish.
Izoh: Mavzu tasdiqlangach, uning “Byulleten” jurnalida chiqishini kutish – yana bir byurokratik toʻsiq edi.
OAK roʻyxati bekor qilinadi
Taklif: OAKning nashrlar roʻyxatini bekor qilish.
Izoh: Bu eng katta oʻzgarishlardan biri boʻlishi mumkin. Endi maqola qayerda chiqishi kerakligini “OAK roʻyxati” emas, ilmiy kengashning oʻzi belgilaydi.
