Yunusobod tumanidagi 122-maktabning sport maydoni yangi obyekt qurilishi uchun sotib yuborildimi? (video)

Yunusobod tumanidagi 122-maktabning sport maydoni yangi obyekt qurilishi uchun sotib yuborildimi? (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda Yunusobod tumani 17-mavzedagi 122-maktabning sport maydoni qurilishga tayyorlagandek o‘rab olingani haqida video tarqaldi.

 

Ma’lumotlarga ko’ra, bundan norozi aholi tomonidan Telegram’da guruh ham ochilgan.

 

Jurnalist Muhrim A’zamxo’jayev ham ushbu holatga nisbatan munosabat bildirgan. Jurnalist, avvalo, tegishli davlat tashkilotlari bu yerda nima bo‘layotganini odamlarga tushuntirishi kerakligini yozgan.

 

«Mana shunaqa katta maktablar hududi daxlsiz deb e’lon qilinishi kerak. Davlat maktablarining yerlari hatto xususiy maktablarga ham berilmasligi shart» – deydi Muhrim A’zamxo’jayev o’zining telegramdagi sahifasida.

 

Iqtisodchi Otabek Bakirov esa ushbu holatga nisbatan Toshkent shahar hokimi, yangi va eski Yunusobod hokimi Prezidentning tegishli qarorini oʻqimagan, deya fikr bildirgan.

 

«Nazarimda, Toshkent shahar hokimi, yangi va eski Yunusobod hokimi Prezidentning davlat mulki obyekti boʻlgan futbol stadionlari va maydonlarining foydalanish maqsadlarini oʻzgartirish va sotuvga chiqarish taqiqlanishi toʻgʻrisidagi qarorini oʻqimagan.

Boʻlmasam, Yunusoboddagi 122-maktabning stadionini allaqanday nouneymlar kelib oʻrab-egallab olishiga indamay qarab turishmagan boʻlishardi. Endi xalqimiz maktablar oldida kecha-kunduz navbatchilik qilishi va stadionlarni qoʻriqlashi qoluvdi», – deydi Bakirov.

 

Yunusabod tuman hokimligining ushbu holat nisbatan berilgan rasmiy munosabatida keltirilishicha, ushbu masala tuman hokimligi nazoratida va hududdagi barcha qurilish ishlari va obyektlar qonunchilik talablariga muvofiqligini tekshirish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda. 

 

«Tekshiruv natijalariga ko‘ra, agar qonuniy talablarga rioya qilinmagan holat aniqlansa, tegishli qonunchilikka muvofiq chora ko‘riladi. Fuqarolar o‘z huquqlaridan kelib chiqib, bu masala bo‘yicha rasmiy idoralar orqali qonuniy tekshiruv olib borishini talab qilishlari mumkin», – deyilgan hokimlik izohida.