Fan olimpiadalari markazi joriy yil 17-dekabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalariga 01-10-750-sonli xat yubordi.
Prezidentning 2024-yil 30-sentabrdagi “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-346-son qarorida Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika olimpiadasini tashkil qilish va uni yuqori saviyada o‘tkazish vazifasi belgilangan.
Yuqoridagi qarorda belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash va o‘quvchilarni quyi sinflardan boshlab fan olimpiadalariga tayyorgarlik ko‘rish amaliyotini kuchaytirish maqsadida, 2025-yil umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, shu jumladan, Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan, davlat va nodavlat umumta’lim maktablarining 7–8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida Al-Xorazmiy nomidagi aniq va tabiiy fanlar (Science) olimpiadasini 4 bosqichda o‘tkazish rejalashtirilgan:
– birinchi bosqich – umumiy o‘rta ta’lim maktablari, nodavlat ta’lim tashkilotlari miqyosida;
– ikkinchi bosqich – tuman (shahar) miqyosida;
– uchinchi bosqich – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida;
– to‘rtinchi bosqich – tabiiy fanlar yo‘nalishida respublika miqyosida, aniq fanlar yo‘nalishida xalqaro darajada o‘tkaziladi.
Al-Xorazmiy nomidagi aniq fanlar olimpiadasi – matematika, informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan,
Al-Xorazmiy nomidagi tabiiy fanlar olimpiadasi – kimyo, biologiya, fizika fanlaridan kompleks tarzda tashkil qilinadi.
Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika olimpiadasini tashkil qilish va yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida aniq fanlar yo‘nalishidagi informatika va axborot texnologiyalari fanidan ham olimpiadaning birinchi – maktab bosqichi o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
‘‘Shu munosabat bilan, Sizdan:
2025-yil 27-dekabrga qadar, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, shu jumladan, davlat va nodavlat umumta’lim maktablarida Al-Xorazmiy nomidagi aniq va tabiiy fanlar olimpiadasining aniq fanlar yo‘nalishidagi informatika va axborot texnologiyalari fanidan olimpiadaning birinchi – maktab bosqichini tashkil qilish;
2025-yil 30-dekabrga qadar, Al-Xorazmiy nomidagi aniq va tabiiy fanlar olimpiadasining ikkinchi – tuman (shahar) bosqichi ishtirokchilarining sinflar kesimida 3 nafardan ro‘yxatini ilovadagi jadval asosida shakllantirib hamda Fan olimpiadalari markaziga taqdim etishda, shuningdek, https://olimpiada.uzedu.uz/ axborot tizimiga joylashtirilishida amaliy yordam berishingizni so‘raymiz’’, — deyiladi xatda.
Xat – Faylni yuklash
