Bakalavriat talablari uchun Yaponiyada 6 haftalik yozgi amaliyot dasturi — UTRIP 2026 (University of Tokyo Research Internship Program) taqdim etiladi.
Dasturdan asosiy maqsad ishtirokchilarning tegishli sohada bilim chegaralarini kengaytirish va rivojlantirish, hamda ushbu bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazish uchun taʼlim va tadqiqot olib borish imkoniyatini yaratishdan iborat.
Dastur tabiiy fanlar sohasidagi talabalarga yetakchi olimlar bilan amaliy tadqiqotlar olib borish, Yaponiya madaniyati bilan yaqindan tanishish va magistratura oʻqishiga yoʻl ochish imkoniyatini beradi.
Amaliyot mashgʻulotlar 2026-yil 24-iyundan 4-avgustgacha davom etadi.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.
Maqbullik shartlari
– Ariza topshirish vaqtida bakalavriat dasturida kamida bir toʻliq oʻquv yilini oʻqigan boʻlish kerak;
– Dasturda ishtirok etgandan soʻng Yaponiyadan tashqaridagi universitetda bakalavriat dasturi (yoki bakalavr-magistr integratsiyalashgan dasturining bakalavr darajasiga teng bosqichi)ga qaytib oʻqishni davom ettirish talab qilinadi;
– Tabiiy fanlar yoki shu bilan bogʻliq yoʻnalishda tahsil olayotgan boʻlish lozim;
– Tanlash jarayonida nomzodlar orasida ustuvorlik toʻrt yillik bakalavriat dasturining uchinchi bosqichida oʻqiyotgan yoki uch yillik bakalavriat dasturining ikkinchi bosqichiga oʻtishi kutilayotgan talabalar uchun beriladi. Boshqa bosqichdagi talabalar ham ariza topshirishlari mumkin;
– Ilmiy sohada uzoq muddatli karyera qilishni maqsad qilgan boʻlish kerak;
– Dasturning uzluksiz 6 haftalik toʻliq bandlik talab etadigan davrining barchasida qatnashish shart;
– Yaponiyaga kelishdan oldin amaliyot dasturi davomida amal qiladigan tibbiy sugʻurta rejasini taqdim eta olishi kerak;
– Ingliz tilini bilish darajasini koʻrsatuvchi sertifikat talab etiladi. Agar ingliz tili nomzodning ona tili boʻlmasa, TOEFL yoki unga tenglashtirilgan ingliz tilini bilish darajasi testi (masalan, IELTS) koʻrsatilishi kerak. UTRIP ofisining iltimosiga binoan test natijalarini tasdiqlovchi hujjatni taqdim eta olsa, muddati tugagan test natijalari ham qabul qilinadi. Soʻnggi 8 yil davomida uzluksiz ingliz tilida taʼlim olgan ishtirokchilar ingliz tilini bilish darajasi testini topshirishdan ozod qilinadi.
Eslatma: Til bilishga qoʻyilgan talab aniq boʻlsa-da, aniq belgilangan minimal daraja dastur tomonidan oshkor etilmaydi.
Nomzodlar quyidagi talablarni bajarishga rozi boʻlgan holda ariza topshirishlari kerak:
– UTRIP loyihasini bajarishga toʻliq kuch-gʻayrat koʻrsatish;
– Loyihada toʻliq olti hafta davomida ishtirok etish;
– UTRIP dasturi davomida rejalashtirilgan barcha akademik va ijtimoiy tadbirlarda qatnashish;
– UTRIP rahbari tomonidan tasdiqlangan yozma yakuniy tadqiqot hisobotini dastur yakunlanishidan ikki hafta ichida topshirish;
– Belgilangan kunda ogʻzaki taqdimot qilish.
Foydali tomonlari
UTRIP ishtirokchilari oʻz xarajatlarini qoplash uchun ikki turdagi moliyaviy yordam olishlari mumkin.
GSS-UTRIP stipendiyasi — Graduate School of Science tomonidan UTRIP bilan bogʻliq xarajatlar uchun beriladigan stipendiya:
– bu stipendiya Osiyodan kelgan nomzodlar uchun 140,000 JPY (~$900) tashkil qiladi. Ushbu stipendiya Yaponiyaga borish-kelish uchun aviachipta hamda Yaponiya ichidagi transport kabi kundalik xarajatlarni qoplash uchun beriladi;
– GSS-UTRIP stipendiyasining bir qismi sifatida 43 kecha davomida bepul turar joy taqdim etiladi.
FUTI mukofoti(Friends of UTokyo, Inc.):
– mukofot sifatida har bir ishtirokchi uchun $2,000 gacha stipendiya beriladi;
– bepul turar joy taqdim etiladi.
Muhim: FUTI mukofoti fuqaroligidan qatʼi nazar, ayni paytda AQShdagi universitetlarda oʻqiyotgan talabalar uchun amal qiladi.
Agar nomzod FUTI mukofotiga loyiq deb topilsa, u bir vaqtning oʻzida GSS-UTRIP stipendiyasini ololmaydi.
Qoʻshimcha maʼlumotlar
Takroran soʻraladigan savollarga javob bu yerda;
Email: utrip.s@gs.mail.u-tokyo.ac.jp.
Muhim sanalar
– Dasturga hujjat topshirish uchun oxirgi muddat: 7-yanvar, 2026-yil (13:00);
– Tavsiyanoma shakli 2026-yil 14-yanvarga qadar onlayn tarzda toʻldirilishi kerak;
– Tanlov haqida bildirishnoma UTRIP veb-saytida 2026-yil aprel oyining boshida eʼlon qilinadi;
– Tanlangan talabalarga mart oyida toʻgʻridan-toʻgʻri elektron pochta orqali ham xabar beriladi.
Quyidagi ijtimoiy tarmoqlar orqali qoʻshimcha maʼlumot olish mumkin:
