«Bog‘cha bolalariga tabiatni asrash qanday o‘rgatiladi?»: Tarbiyachilar uchun «eko-kreativ» seminar o‘tkazildi

«Bog‘cha bolalariga tabiatni asrash qanday o‘rgatiladi?»: Tarbiyachilar uchun «eko-kreativ» seminar o‘tkazildi

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan 9-dekabr kuni Toshkent shahrida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari, metodistlari va psixologlari uchun “Kichik qadamlar — katta oʻzgarishlar” mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

 

Unda bolalarda ekologik madaniyatni shakllantirishning yangi, noan’anaviy usullari taqdim etildi.

 

Nega bu muhim?

 

Markaz direktori o‘rinbosari Anvarjon Mahmudovning ta’kidlashicha, bugungi global ekologik muammolar sharoitida bolani yoshligidanoq tabiatga do‘st qilib tarbiyalash har qachongidan dolzarbdir.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar pedagog to‘g‘ri yo‘nalish bersa, bola atrof-muhitni kuzatish orqali resurslarni tejashni va tabiatga ongli munosabatda bo‘lishni o‘rganadi.

 

Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’uli Shahzoda Mahmudova esa ushbu mashg‘ulotlar poytaxtdagi pedagoglar uchun nazariyadan amaliyotga o‘tishda muhim tajriba maydoni bo‘lishini qayd etdi.

 

Seminar qanday o‘tdi?

 

Tadbir quruq ma’ruzalardan cheklanib, to‘liq interfaol shaklda tashkil etildi. Ishtirokchilar jamoalarga bo‘lingan holda «Eko dars»ni rejalashtirish, storytelling (hikoya so‘zlash orqali tushuntirish), ekosistema yaratish hamda chiqindilarni saralash kabi jami 6 xil amaliy mashg‘ulotda o‘z mahoratlarini sinab ko‘rishdi.

 

Bundan tashqari, mutaxassis Nodirbek Ismoilov ishtirokchilarga bolalarning ekologik bilimini baholashda «Plickers» platformasidan qanday foydalanish mumkinligini ko‘rsatib berdi.

 

Pedagoglar uchun yangi onlayn kurs

 

Tadbir davomida tarbiyachilar uchun muhim yangilik e’lon qilindi. Markazning «Raqamli ta’lim resurslari va xizmatlari» portaliga «Ekologik savodxonlik va madaniyat» nomli yangi kurs joylashtirildi.

 

Endilikda pedagoglar ushbu platforma orqali mavzuga oid ma’ruza matnlari, taqdimotlar, video materiallar, turli interfaol topshiriqlar va testlardan bepul foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

 

Seminar yakunida o‘zining faolligi va kreativ yondashuvi bilan ajralib turgan pedagoglar maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi.