Kecha, 1-dekabr kuni maktablarda “Kelajak soati” darslarining “Mening huquqlarim” deb nomlangan mavzudagi darslari boʻlib oʻtdi.
Ma’lum qilinishicha, Adliya vaziri Akbar Toshqulov Toshkentdagi 9-ixtisoslashgan maktabda “Kelajak soati” darsida ishtirok etgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimovaning yozishicha, Adliya vaziri darsga oid kontentlarida ham faol ishtirok etgan. Hayotiy misollar, jonli muloqot, qizgʻin savol-javob bilan oʻtgan bugungi dars oʻquvchilarda katta qiziqish uygʻota olgan.
‘‘“Kelajak soati” darslari joriy oʻquv yilidan boshlab barcha ta’lim muassasalarida oʻtilmoqda. Qisqa vaqt ichida darslar oʻquvchilar orasiga kirib borib, eng sevimli mashgʻulotlardan biriga aylanib ulgurdi. Darslar uchun tayyorlanayotgan ssenariy, ular asosidagi kontentlarda olimlar, ziyolilar, rahbarlar, vazirlarning ham faol ishtirok etayotgani quvonarli hol, albatta.
Adliya vaziri – mamlakat bosh yuristining shaxsan oʻzi maktabga kelib huquq mavzusida dars oʻtib berishi bu ta’limga, kelajagimiz boʻlgan yoshlarimiz bilim olishiga bo‘lgan e’tiborning yaqqol koʻrinishi, deb oʻylayman.
Boshqa hamkasblarimiz, soha vakillari, ziyolilardan ham ana shunday faollikni kutamiz’’, – dedi vazir.
