Joriy yilning 18-noyabr kuni oliy ta’lim sohasidagi nufuzli xalqaro agentlik – QS Quacquarelli Symonds 2026-yil uchun “QS Sustainability Rankings 2026” natijalarini e’lon qildi.
Mazkur reyting dunyoning qariyb ikki mingta universitetini qamrab olgan bo‘lib, unda O‘zbekistonning 9 ta oliy ta’lim muassasasi, shu jumladan ularning uchtasi Top-1000 talik ro‘yxatdan o‘rin oldi.
Ular orasida bir qator universitetlar o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarini yaxshilagan bo‘lsa, ayrimlari reytingga birinchi marotaba kiritildi.
O‘zbekiston OTMlarining reytingdagi o‘rinlari:
– “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti – 874-o‘rin;
– Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti – 951-o‘rin;
– O‘zbekiston Milliy universiteti – 970-o‘rin;
– qolgan 6 ta oliy ta’lim muassasasi – Andijon davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent davlat transport universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Urganch davlat universiteti 1501+ guruhidan joy oldi.
Avvalroq, O‘zbekiston universitetlari Times Higher Education reytingida TOP-600 talikka kirganligi haqida xabar bergan edik.
