Muhokamalar portalida “Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon taʼlim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
Loyihaga ko‘ra:
– har yili dekabr oyida “Inson huquqlari haftaligi” o‘tkaziladi. Uning doirasida barcha umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” festivali (ochiq eshiklar kuni) tashkil etiladi;
– 2026-yil iyundan boshlab “Bolalar va yoshlar uchun inson huquqlari ta’limi: gender tengligi, iqlim o‘zgarishi va raqamli inklyuziya” nomli milliy innovasion tashabbuslar tanlovi yo‘lga qo‘yiladi. Tanlov uchun maxsus Nizom ishlab chiqiladi va u har yili muntazam o‘tkazilib boriladi;
– 2026-yil dekabrdan inson huquqlari ta’limi bilan bog‘liq dolzarb masalalarga bag‘ishlangan ilmiy-tadqiqot loyihalari tanlovi e’lon qilinadi. Bunda ilmiy mavzular shakllantiriladi, ekspertiza asosida saralanadi va davlat ilmiy dasturlari doirasida moliyalashtiriladi;
– 2026-yil yanvardan umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida “Ombudsman soati” joriy etiladi;
Shuningdek, 2026–2029-yillar davomida maktablarda “Kelajak soati” darslari mazmuniga inson huquqlari mavzularini kiritish rejalashtirilgan. O‘quvchilar o‘rtasida “Mening huquqlarim” mavzusida insholar, rasmlar va videoroliklar tanlovlari o‘tkaziladi.
Professional va oliy ta’lim muassasalarida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” fanlarining o‘qitilishi muntazam monitoring qilinadi.
Shuningdek, 2026-yil sentyabrdan “Mening raqamli huquqlarim” mavzusida respublika bo‘ylab interfaol treninglar, debatlar, “Digital Rights Week” tadbirlari va #MyDigitalRights xeshteg kompaniyasi o‘tkazish taklif etilmoqda.
