Janubiy Koreyada oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari sabab barcha aviareyslar vaqtincha to‘xtatildi

Janubiy Koreyada oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari sabab barcha aviareyslar vaqtincha to‘xtatildi

Janubiy Koreyada 13-oktyabr kuni 500 mingdan ortiq abituriyent oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonini topshirdi. Shu sababli mamlakatda aviareyslar 35 daqiqaga vaqtincha to‘xtatilgan.

 

Reuters xabariga ko‘ra, imtihon markazlariga abituriyentlar o‘z vaqtida yetib borishi uchun politsiya ham safarbar qilingan. Shu bilan birga, barcha turdagi parvozlar yarim soatga to‘xtatib turilgan.

 

Ma’lum qilinishicha, joriy 2025-yilda imtihon topshiruvchilar soni so‘nggi yetti yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lgan. Abituriyentlarning aksariyati 2007-yilda tug‘ilgan bo‘lib, o‘sha yili mamlakatda  “omadli yil” sifatida tug‘ilishlar soni keskin ko‘paygan edi.

 

Incheon xalqaro aeroporti va boshqa barcha aeroportlarda soat 13:05 dan 13:40 gacha reyslar to‘xtatilgan. Aynan shu vaqt oralig‘ida abituriyentlar ingliz tili bo‘yicha eshitish (listening) testi topshirayotgan edi. Mazkur cheklov tufayli 140 ta reys, jumladan 65 ta xalqaro parvoz kechiktirilgan. Samolyotlarga esa 3 ming metr balandlikdan pastga tushmasdan uchish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

 

13-noyabr kuni mamlakatdagi moliya bozorlari va davlat idoralari ishni odatdagidan bir soat kech boshladi. Bu choralar abituriyentlarning imtihon markazlariga o‘z vaqtida yetib kelishini ta’minlash maqsadida joriy etilgan .

 

“Bu imtihon qariyb 20 yillik tayyorgarligimizning natijasi va yangi bosqichning boshlanishi,” — degan imtihon markazi tashqarisida qizini kutib turgan Yeseon Kim.

 

Rasmiy statistikaga ko‘ra, bu yil jami 554 174 kishi imtihonga ro‘yxatdan o‘tgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 6 foizga ko‘p.