Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi terma jamoaga nomzodlarni saralash tartibi qanday?

Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi terma jamoaga nomzodlarni saralash tartibi qanday?

Nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi terma jamoaga nomzodlarni saralash birinchi guruh fanlardan uch bosqichda oʻtkaziladi.

 

Saralashning barcha bosqichlarida ishtirokchilarga sinfidan qatʼi nazar, har bir fan yoʻnalishida bir xil nazorat materiallari taqdim etiladi va natijalar ham sinflarga ajratilmagan holda eʼlon qilinadi.

 

Saralashning birinchi bosqichiga quyidagi toifadagi oʻquvchilar jalb qilinadi:

 

— tegishli oʻquv yilida oʻtkazilgan asosiy olimpiadalarning uchinchi (viloyat) bosqichida fanlar boʻyicha sinflar kesimida, ballar ketma-ketligida 1 — 5-oʻrinlarni egallagan 9 — 11-sinf va akademik litsey hamda kasb-hunar maktablarining oʻquvchilari;

— mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda oʻtgan va joriy oʻquv yili davomida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar;

— Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tomonidan tavsiya qilingan oʻquvchilar (har bir fandan 5 nafargacha);

— oʻtgan oʻquv yilida nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etgan, hozirda umumtaʼlim maktablarida, akademik litsey va kasb-hunar maktablarida tahsil olayotgan oʻquvchilar.

 

Saralashning birinchi bosqichi Vazirlik tomonidan noyabr oyida tashkil qilinadi va ikkinchi bosqichga Respublika miqyosida har bir fan boʻyicha eng yuqori ballarni qoʻlga kiritgan dastlabki 25 nafar ishtirokchilar saralab olinadi.

 

Saralashning ikkinchi bosqichi doirasida oʻtkazilgan sinovlar natijalari boʻyicha ballar ketma-ketligida eng yuqori natijaga erishgan:

 

— biologiya fanidan — 12 nafar;
— kimyo fanidan — 12 nafar;
— informatika va axborot texnologiyalari fanidan — 12 nafar;
— fizika fanidan — 15 nafar;
— matematika fanidan — 18 nafar oʻquvchilar uchinchi bosqichda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritadi.

 

Vazirlik tomonidan saralashning ikkinchi bosqich natijalariga koʻra saralab olingan oʻquvchilar uchun tajribali oʻqituvchilar, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va xorijiy mutaxassislar, shuningdek, xalqaro tanlov va olimpiadalar sovrindorlari boʻlgan trenerlar ishtirokida mahorat darslari, kuchaytirilgan oʻquv mashgʻulotlari tashkil etiladi.

 

Mazkur oʻquv mashgʻulotlari davomida oʻtkaziladigan uchinchi bosqich sinov natijalariga koʻra har bir fan yoʻnalishida eng yuqori ballarni qoʻlga kiritgan oʻquvchilardan nufuzli xalqaro olimpiadalarda belgilangan kvotalar asosida Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibi shakllantiriladi.

 

Shuningdek, Mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish uchun Oʻzbekiston terma jamoasi nufuzli xalqaro olimpiadalarga oʻtkazilgan saralash bosqichlari natijalari asosida yoki Vazirlik tomonidan qoʻshimcha saralashlar oʻtkazish orqali shakllantirilishi mumkin.