Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani Sheyxon qishlog‘idan Cho‘liyeva Munavvara G‘ayrat qizi kirish imtihonlarisiz muddatidan avval oliygoh talabasi bo‘ldi. Bu haqida Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Munavvara Cho‘liyeva agentlik tomonidan o‘tkazib kelinayotgan milliy sertifikat imtihonlarida ishtirok etib, oltita fan – biologiya, kimyo, o‘zbek tili va adabiyot, tarix, matematika hamda ingliz tilidan sertifikatni qo‘lga kiritgan.
Vazirlar Mahkamasining 646-son qaroriga muvofiq umumta’lim fanlaridan A+, A darajali milliy sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga ushbu fandan maksimal ball, B+, B, C+, C darajali milliy sertifikatlarga ega bo‘lgan abituriyentga esa tegishli majburiy fanlar bo‘yicha belgilangan eng yuqori ball beriladi.
“Munavvara maktabni joriy yil tamomlagan. U mutaxassislik fani sifatida biologiya va kimyo fanlarini tanlagan hamda mazkur fanlardan maksimal ball beradigan darajali sertifikatga ega. Shuning bilan birga, Munavvarada majburiy fanlardan ham milliy sertifikat mavjud bo‘lib, bu Munavvaraning muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalariga kirishda to‘plash mumkin bo‘lgan (189 ball) maksimal ballga ega bo‘lganligini bildiradi”, – deyiladi agentlik xabarida.
Ta’kidlash lozim, 2024-2025-o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul jarayoni “avval test, keyin tanlov” tamoyiliga asosan tashkil etiladi. Abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish 25-iyunda yakunlandi.