Vengriyaning 30 ta universiteti Stipendium Hungarium Scholarship doirasida 900 dan ortiq ingliz tilida oʻqitiladigan dasturlar taklif qiladi. (Asosan ingliz tili dasturlari mavjud, ammo nemis, fransuz, venger tillarida ham dasturlar mavjud). Stipendiya dunyo boʻyicha eng nufuzli stipendiya hisoblangani bois, dunyoning 90 dan ortiq mamlakatidan ellik mingga yaqin arizalar kelib tushadi. Ulardan 60% dan ziyodi osiyolik talabalarga tegishli.
Barcha bosqich: bakalavr, magistratura (bir yillik, bir yarim yillik va ikki yillik), PhD, shuningdek, darajasiz almashinuv dasturlarida oʻqishni istaydigan talabalar dasturga ariza topshirishi mumkin.
Stipendiyaning maqsadi – Yevropa tajribasiga tayangan holda tegishli sohaga doir yetuk kadrlarni tayyorlash.
Dastur doirasidagi universitetlarni ariza beruvchilar mustaqil tarzda tanlab olishlari lozim. Universitetlarni bu yerdan yoki bu havola orqali tanlash mumkin.
Stipendiyaning imtiyozlari bepul oʻqish va turarjoy, oylik stipendiya, shuningdek, bepul tibbiy sug’urtani qamrab oladi.
Stipendiyani qoʻlga kiritgan muvaffaqiyatli talabalar haqidagi hikoyalarni bu yerda oʻqish mumkin.
Maqbullik shartlari
— Toʻliq va almashinuv dasturlari uchun ariza topshirish mumkin boʻlgan davlatlarning maxsus roʻyxati mavjud. Nomzod roʻyxatdagi davlatlar koʻrsatilgan kategoriyaga mos kelishi lozim (Oʻzbekiston barcha roʻyxatlarda bor).
— Dastur boshlangunga qadar 18 yoshga toʻlgan boʻlish;
— Ilgari stipendiyani qoʻlga kiritmagan boʻlishi va oʻqishga topshirayotganda oʻz-oʻzini moliyalashtirish turini (self-finance) tanlamagan boʻlishi lozim;
— Vengriya fuqarolari dasturga ariza bera olmaydilar.
Dasturning qabul talablari, maxsus shakllantirilgan davlatlar roʻyxatini batafsil ushbu havola orqali (bakalavr, magistratura va daraja bermaydigan dasturlar uchun) va bu yerda oʻqish mumkin.
Foydali tomonlari
Dastur quyidagi imtiyozlarni taqdim etadi:
— Oʻquv-kontrakt toʻlovidan ozod qilinadi;
— Oylik stipendiya: bakalavr, magistratura va darajasi dasturlar uchun — HUF 43,700 (~ EUR 110); doktorantura uchun — HUF 140,000-180,000 (~ EUR 355/~ EUR 460);
— Bepul yotoqxona yoki turar-joy ijarasi uchun HUF 40,000 oylik stipendiya;
— Umumiy tibbiy sugʻurta va kishi boshiga HUF 65,000 (~EUR 170)gacha boʻlgan tibbiy yordam uchun qoʻshimcha mablagʻ (bir yilga).
Muhim: Dastur doirasida beriladigan stipendiya miqdori yashash xarajatlarini qoplash uchun yetmasligi mumkin. Nomzodlarga yashash xarajatlarini oldindan hisoblab, qoʻshimcha shaxsiy mablagʻ jamgʻarishlari tavsiya etiladi.
Qoʻshimcha maʻlumotlar
Dasturga hujjat topshirishdan oldin majburiyatlar va kelishuvlar haqida batafsil tanishib chiqish lozim.
Birinchi bosqich saralash natijalari 28-fevralda, 2026-yil e’lon qilinadi.
Ikkinchi bosqich mart-may oylarida e’lon qilinadi. Tibbiy ma’lumotnomani 15-aprelga qadar topshirish mumkin.
Iyun o’rtalariga qadar yakuniy natijalar e’lon qilinadi.
Qo’shimcha savollar uchun:
Tel: +36 (1) 236 5040;
Skype: stipendiumhungaricum;
E-mail: stipendiumhungaricum{at}tpf.hu
