Ijtimoiy tarmoqlarda respublika ingliz tili fani o’qituvchilari nomidan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozaxon Karimovaga murojaat sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi.
Murojaat xatiga ko’ra, attestatsiya sinovida test savollari haddan tashqari murakkab tuzilgani, savollarda mantiqiy va lingvistik xatolar borligi, test materiallari validlik va ishonchlilik talablariga javob bermasligi va ayrim hollarda testologlar tomonidan atayin murakkablashtirilgan savollar qo‘llanilgani ta’kidlangan.
Bu bo‘yicha Ta’lim xabarlari sayti muxbiri Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi bilan bog‘langandi. Biroz o‘tib, vazirlik sahifasida rasmiy munosabat bildirdi.
‘‘Ijtimoiy tarmoqlarda malaka-sinov (attestatsiya) jarayonlari haqida turlicha fikrlar, bahslar paydo bo‘lmoqda.
Hurmatli pedagoglar!
Attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan pedagoglar test jarayonining o‘zida platforma orqali tegishli test topshirig‘i bo‘yicha e’tirozlarini yozib qoldirishlari mumkin.
Shuningdek, natijalar e’lon qilingan kundan boshlab o‘n kun mobaynida pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy sahifalari orqali yoki yozma shaklda apellyatsiya murojaatini yuborish huquqiga ega.
Vazirlik har bir test topshirig‘i va bildirilgan e’tiroz yuzasidan asosli izoh berishga tayyor ekanligini ma’lum qiladi. Buning uchun (71) 207-79-79 telefon raqamlari ham doimiy ishlab turibdi.
Afsuski, jarayondan o‘z foydasi yo‘lida foydalanishga urinish holatlari ham uchrab turibdi. Yetarli ball to‘play olmagan pedagoglardan turli chora-tadbirlar uchun (advokat xizmati 100 mln so‘m) mablag‘ yig‘ishga da’vatlar, attestatsiyadan o‘tkazib qo‘yish bilan bog‘liq turli asossiz takliflar hamda ayrim test savollarini noto‘g‘ri shaklda, mazmunini o‘zgartirib ijtimoiy tarmoqlarga tarqatish holatlari sodir bo‘lmoqda. Bu bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Vazirlik har bir murojaatlarni ko‘rib chiqib, izoh berishga tayyorligini yana bir bor eslatadi. Agar taqdim etilgan izohlardan pedagog qoniqmasa, u holda sud tartibida murojaat qilish imkoniyati mavjud. Bunday hollarda nizolar amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, OAV bilan ham hamkorlik, savollarga ochiq javob berishga tayyorligimizni ham ma’lum qilamiz. Yaqin orada matbuot anjumani tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Hurmatli pedagoglar, unutmang, faoliyatingizga doir har bir muvaffaqiyat o‘z bilimingiz va kasbiy salohiyatingiz ortidan keladi. Vazirlik doimo o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlaydi, pedagoglarning huquq va manfaatini himoya qiladi’’, deyiladi munosabatda.
Shuningdek, vazirlik yaqin orada matbuot anjumani tashkil etishini rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.

