Kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan 200 nafar abituriyent Prezident granti asosida oʻqishi mumkin. Asosiy savollarga javoblar - Ta’lim xabarlari
Kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan 200 nafar abituriyent Prezident granti asosida oʻqishi mumkin. Asosiy savollarga javoblar

Prezidentning tegishli (06.07.2021 yildagi PQ-5172-son) qaroriga muvofiq, 2021/2022-oʻquv yilidan boshlab davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakliga kirish imtihonlarida (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) eng yuqori ball toʻplagan yoshlar uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan Prezidenti granti joriy qilingan.

 

Unga kimlar daʼvogar boʻladi?

 

Unga koʻra, davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakliga kirish imtihonlari natijalariga koʻra, taʼlim sohalari kesimida, taʼlim olish tilidan qatʼi nazar, respublika boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan abituriyentlarning 200 nafari Prezident grantiga daʼvogar boʻladi.

 

Prezident granti uchun ajratilgan kvotaning taʼlim sohalari boʻyicha taqsimoti har yili Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Muayyan taʼlim sohasi uchun ajratilgan Prezident granti kvotasi boʻyicha soʻnggi oʻrindagi abituriyent va u bilan bir xil ball toʻplagan barcha fuqarolar Prezident grantiga daʼvogar boʻladi.

 

Grant berishda nimalar hisobga olinadi?

 

Qonunchilik hujjatlariga muvofiq oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishda qoʻshimcha ball shaklida imtiyoz beriladigan toifadagi abituriyentlarning kirish imtihonlari natijalariga koʻra toʻplagan baliga qoʻshib berilgan ballar Prezident grantiga daʼvogarlarni aniqlashda hisobga olinmaydi.

 

Prezident grantiga daʼvogar boʻlgan abituriyentlar roʻyxati har yili kirish imtihonlari va tanlov toʻliq yakunlangandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

 

Prezident grantiga daʼvogar boʻlgan abituriyentlar davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.

 

Prezident granti sovrindorlari birinchi kursda barcha fanlarni “aʼlo” baholarga oʻqigan, maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarida yutuqlarga erishgan mazkur grantga daʼvogar talabalar orasidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Respublika oliy taʼlim kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov asosida aniqlanadi.

 

Prezident granti sohiblariga stipendiyalar qanday tayinlanadi?

 

Bunda talabaga Prezident granti uchun belgilangan stipendiya ikkinchi kursning oʻquv yili boshidan oyma-oy toʻlanadi va shu munosabat bilan unga umumiy shartlarda belgilanadigan stipendiya tayinlanmaydi.

 

Oʻquv semestri yakuniga koʻra kamida bitta fandan oʻzlashtirish koʻrsatkichi “aʼlo” baho boʻlmaganda, Prezident granti sohiblariga kelgusi oʻquv semestri mobaynida umumiy tartibda belgilanadigan stipendiya tayinlanadi va toʻlanadi. Navbatdagi oʻquv semestri yakuniga koʻra barcha fanlar boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichi faqat “aʼlo” baho boʻlganda, Prezident granti uchun belgilangan stipendiya qayta tayinlanadi va toʻlab boriladi.

 

Oʻqish yakuniga qadar Prezident grantini uzluksiz olgan talabalar bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos va turdosh mutaxassislik boʻyicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qoʻshimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi.

 

Prezident grantiga daʼvogar talabalarga minimal talablar qanday?

 

Oʻqiyotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga oid konferensiya (tanlov)larda ishtirok etish;

 

Oʻqiyotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos kamida ikkita ilmiy-tadqiqot ishi (asar)ni eʼlon qilish;

 

Davlat tili bilan bir qatorda kamida bitta xorijiy tilni (MDH mamlakatlari davlat tillaridan tashqari) va Oʻzbekiston tarixini bilish.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры