Farg‘onada ‘‘Damas’’ urib yuborgan 3-sinf o‘quvchisi vafot etdi

Farg‘onada ‘‘Damas’’ urib yuborgan 3-sinf o‘quvchisi vafot etdi

Farg‘ona viloyati Quva tumanida yo‘l harakati qoidalariga amal qilmagan haydovchi 9 yoshli bolaning o‘limiga sababchi bo‘ldi. Bu haqda “Bu kun” dasturida xabar berildi.

 

 

Ma’lum qilinishicha, holat tuman hududidan o‘tgan D-105 avtomobil yo‘lining 182-kilometrida, bola ertalabki soat 7:30 atrofida maktabga ketayotganida sodir bo‘lgan. 21 yoshli haydovchi o‘ziga ishonch qog‘ozi bilan biriktirilgan Damas bilan piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 66-maktabning 3-sinf o‘quvchisini urib yuborgan.

 

 

Bola birinchi yordam ko‘rsatish uchun tuman markaziy shifoxonasiga yuborilgan. Biroq ko‘rilgan muolajalarga qaramasdan u shifoxonada vafot etgan.

 

“Yo‘l chekkasidan ketayotgandim. Keyin buyoqqa o‘tdim. O‘tib ketayotganimda bir mashina bu tomondan burilayotgan edi. Ana shu mashinaga qarab peshexodga qaramay qoldim. Keyin bitta bola yugurib chiqib qoldi, urib yubordim”, — degan haydovchi.

 

Holat yuzasidan Quva tumani ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan.

 

 

Hozirda ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.