Ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliq shahridagi «7-maktabda ingliz tili o‘qituvchisi 3-sinf o‘quvchilarini deyarli barchasini peshonasi, yuzlariga qizil ruchka bilan ikki qo‘yib tashlabdi» tarzida xabarlar tarqaldi. Bu bo‘yicha Toshkent viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holat bo‘yicha Olmaliq shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullaridan iborat ishchi guruh tuzilib, o‘rganish ishlari olib borilgan.
‘‘O‘rganishlar natijasida ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan holat o‘z tasdiqini topdi. O‘qituvchi dars tayyorlamagan o‘quvchilarni jazolash maqsadida mazkur holatni sodir etgan.
O‘qituvchining yoshligi va tajribasizligi hamda qilgan ishiga pushaymonligi sabab va tushuntirish xati asosida unga «хayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi’’, deyiladi munosabatda.
