Davlat komissiyasi bayoniga muvofiq 2025/2026-oʻquv yili uchun respublikada faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga 1 320 ta davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlandi.
2025-yil 29-sentyabrdan 5-oktyabrga qadar (5-oktyabr toʻlovning oxirgi kuni) muayyan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlar uchun mazkur bayon bilan tasdiqlangan davlat buyurtmasi parametrlariga (talabalikka tavsiya etilgan oliy taʼlim tashkiloti va taʼlim yoʻnalishi boʻyicha) abituriyent sifatida roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratiladi.
Ro‘yxatdan o‘tish my.uzbmb.uz sayti orqali amalga oshiriladi.
Roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar uchun 2025-yil 12-oktyabrga qadar test sinovlari oʻtkaziladi.
Grant o’rinlari ro‘yxati — Faylni yuklash
Kimlar ishtirok etishi mumkin?
Ilova (rasm)da keltirilgan nodavlat OTMlarga to‘lov-kontrakt asosida tavsiya etilgan quyidagi abituriyentlar:
– davlat OTMlariga hujjat topshirmagan va bevosita nodavlat OTM imtihoni asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar — ular test sinovlarida ishtirok etadi (majburiy);
– nodavlat OTMdan tashqari davlat OTMlariga ham hujjat topshirib, testdan o‘tgan, lekin davlat OTMlariga talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar (agar yo‘nalish va fanlar mos kelsa) — ular o‘zlari to‘plagan ballari asosida, fanlar majmuasi va taʼlim tili mos bo‘lsa, tanlovda qatnashadi. Test topshirishi shart emas. Shuningdek, to‘plagan bali bilan tanlovda ishtirok etishni istamasa, ularga qayta test topshirish imkoniyati beriladi.
Muhim sanalar:
Ro‘yxatdan o‘tish: 5-oktyabrga qadar (shu kuni ham)
Test sinovlari: 12-oktyabrgacha oʻtkaziladi
Natijalar: 17-oktyabrgacha aniq boʻladi.
Eslatma: roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlardan Prezidentning 2019-yil 14-maydagi PQ–4319-son qaroriga muvofiq belgilangan miqdordagi toʻlov undiriladi.
Oʻtkazilgan test sinovlari natijasiga koʻra abituriyentlarning toʻplagan ballari ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilgan holda shakllantirilib, belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun 2025-yil 17-oktyabrga qadar tegishli oliy taʼlim tashkilotlariga yetkaziladi.




