Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi (Минцифры) 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun alohida SIM-kartalarni joriy etishni va operatorlar ota-onalar so‘rovi asosida bunday xizmat paketlarini taqdim etishini taklif qildi.
Raqamli rivojlanish vazirligi rahbari Maksut Shadayevning ma’lum qilishicha, ushbu SIM-kartalar 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ota-onalariga sotiladi. Ya’ni SIM-kartalar ota-onalar tomonidan farzandlari nomiga rasmiylashtiriladi va ularda xavfsizlik cheklovlari avvaldan o‘rnatilgan bo‘ladi. Agar u orqali, masalan, ijtimoiy tarmoqqa kirishga urinilsa, tizim buni amalga oshirishga ruxsat bermaydi.
“Raqamli rivojlanish vazirligi bolalar uchun alohida SIM-kartalar joriy etishni taklif qilmoqda. Ular ota-onalar tomonidan sozlanadigan trafikni filtrlash vositalariga ega bo‘ladi. Shuningdek, ular orqali yosh cheklovi bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlarga kirish bloklanadi”, — dedi vazir.
Shuningek, ehtimol ayrim ota-onalar bunday SIM-kartalarni olishni istamasliklari mumkin. Biroq vazirlik pozitsiyasiga ko‘ra, ular farzandlariga filtrlash imkoniyatiga ega xavfsiz SIM-kartalarni taqdim etishga qiziqadi.
“Operatorlar bunday xizmatni taqdim etishga majbur bo‘ladi. Qolgan qarorni esa ota-onalarning o‘zlari qabul qiladi: ularga bunday SIM-karta kerakmi yoki yo‘q”, — deya qo‘shimcha qildi u.
