Toshkent axborot va texnologiya universiteti talabasi Z.M. hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 1-bosqich talabasi D.M.lar tomonidan Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hududida haydovchisining joniga qasd qilishga urinayotganda qo‘lga olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, 2024-yil 27-aprel kuni soat 23:30 larda 20 yoshli TATU talabasi Z.M. va 18 yoshli TDIU talabasi D.M. qasddan odam o‘ldirish va o‘zganing mulkini egallash maqsadida oshxona pichog‘i bilan qurollanib, Toshkent shahridagi metro bekatlardan birining oldida ilova orqali taksiga buyurtma bergan.
Shunda ularning chaqiruviga asosan 56 yoshli Ch.A. Jentra mashinasi bilan yetib kelgan. Yigitlar oldindan tuzilgan rejaga muvofiq taksini Toshkent-Termiz avtomobil yo‘li orqali Yangiyo‘l tumani hududiga yo‘naltirgan.
Taxminan soat 01:00 larda “Chamanzor” MFY hududiga yetib kelib, tokzor ichiga kirgach, yigitlar mashinani to‘xtatgan. Z.M. haydovchining qo‘llaridan ushlab, orqa o‘rindiqda o‘tirgan D.M. esa oshxona pichog‘i bilan haydovchining bo‘yin qismiga urib, uni bo‘g‘a boshlaydi.
Shu payt tuman IIB tungi navbatchilik guruhining to‘rt nafar a’zosi kelib qoladi va yigitlar qo‘lga olinadi.
Dastlabki surishtiruvda Z.M. Toshkent axborot va texnologiya universiteti, D.M. esa Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 1-bosqich talabalari ekani aniqlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Yangiyo‘l tuman prokuraturasi tomonidan ayblov e’lon qilingan. Yigitlar ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.