Ijtimoiy tarmoqlarda 1-oktyabrdan oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish bo‘yicha HEMIS axborot tizimiga talabalarni kiritish imkoniyati to‘xtatilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Ayni paytda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ushbu masalaga rasmiy munosabat bildirilmadi.
Ta’kidlash lozim, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli (15.06.2022 yildagi PQ-279-son) qaroriga asosan, respublikada faoliyat yurituvchi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallari bakalavriati va magistraturasiga qabul bir o‘quv yilida bir marta (iyun — sentyabr oylari oralig‘ida) amalga oshiriladi.
Bunda, zarur hollarda, oliy ta’lim tashkilotlari magistraturasiga bir o‘quv yilida ikkinchi marta qabul qilishga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining taklifiga asosan Davlat komissiyasi tomonidan ruxsat etilganda yo‘l qo‘yiladi, deb belgilab qo‘yilgan.
Maʼlumot uchun, tizim aytilgan muddatda yopilgan taqdirda ham talabalarni qoʻshish imkoniyati keyingi yil iyun oyidan qayta ochiladi.
