Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2024-yil 7-fevralda “Oʻqituvchilarni ilgʻor ish tajribasi va faoliyati davomida qoʻllab kelayotgan zamonaviy metodikalarni ommalashtirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 32-sonli buyrugʻi qabul qilindi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi va Pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazlaridagi Metodik xizmat koʻrsatish boʻlimi (keyingioʻrinlarda – Metodikxizmatkoʻrsatishboʻlimi) oʻqituvchilarning ilgʻor ish tajribalarini oʻrganish va ularni ommalashtirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi ishchi organ hisoblanadi.
Maktab miqyosida ommalashtirish:
Umumtaʼlim muassasasining fan oʻqituvchisi (keyingi oʻrinlarda – talabgor) tomonidan ilgʻor tajribalar asosida ishlab chiqilgan metodik ish yoʻnalishlar boʻyicha maktabning Metodbirlashmasi tomonidan muhokama qilinadi hamda ilgʻor ish tajribaga ega deb topilgan taqdirda maktab miqyosida ommalashtirish uchun maktabning Pedagogik kengashiga tavsiya etiladi.
Metodbirlashma tavsiyasi asosida Pedagogik kengashda talabgorning metodik ishi mazkur buyruq bilan tasdiqlangan metodik ishga qoʻyilgan talablar hamda baholash mezoniga muvofiq ishlab chiqilganligi oʻrganib chiqiladi hamda maktab miqyosida ommalashtirish yoki ommalashtirmaslik boʻyicha Pedagogik kengash qaror qabul qiladi.
Agar talabgorning metodik ishiga ijobiy xulosa berilib, ommalashtirishga loyiq deb hisoblansa, Pedagogik kengash qarori bilan maktab miqyosida ommalashtiriladi va ommalashtirish.uz platformasiga joylashtirilib keyingi bosqichlarga yuboriladi.
Bunda, quyidagi hujjatlar talabgor tomonidan ommalashtirsh.uz platformasiga joylashtiriladi;
— metodik ishiga ijobiy xulosa berilib, taʼlim muassasasi miqyosida ommalashtirilganligi toʻgʻrisida Pedagogik kengash qarorining elektron (pdf) nusxasi;
— ommalashtirish uchun tavsiya etiladigan metodik ishi (metodik qoʻllanma yoki metodik tavsiya)ning elektron (pdf) nusxasi;
— oʻzi toʻgʻrisida maʼlumotnoma (obyektivka) va mutaxassisligi boʻyicha diplom nusxasi.
Tuman (shahar) va viloyat (Toshkent shahar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi) miqyosida ommalashtirish:
ommalashtirish.uz platformasi orqali yuborilgan metodik ish Metodik xizmat koʻrsatish boʻlimining tegishli fanlar boʻyicha Oʻquv metodik kengashi tomonidan oʻrganib chiqiladi.
Talabgorning metodik ishi maksimal 80 ball bilan baholanadi. Talabgor tomonidan tayyorlangan metodik ish mazkur buyruq bilan tasdiqlangan metodik ishga qoʻyilgan talablar hamda baholash mezoniga muvofiq baholanadi.
Bunda, 50-65 ball bilan baholangan metodik ishlar tuman (shahar) miqyosida, 66-80 ball bilan baholangan metodik ishlar viloyat (Toshkent shahar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi) miqyosida ommalashtirilgan deb hisoblanadi va sertifikat olish uchun ommalashtirish.uz platformasi orqali Respublika taʼlim markaziga yuboriladi.
Shundan 75-80 ball bilan baholangan metodik ish respublika miqyosida ommalashtirish uchun tavsiya etiladi.
Qoraqalpoq tilidagi metodik ishlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi hamda Pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazining Metodik xizmat koʻrsatish boʻlimi bilan hamkorlikda oʻrganib chiqilib, Oʻquv metodik kengash qarori asosida Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markaziga ommalashtirish uchun tavsiya etiladi.
Bosqichlar uchun talab etiladigan ballarni toʻplay olmagan talabgorlarning metodik ishi asoslantirilib, ommalashtirish.uz platformasiga joylashtiriladi.
Tuman (shahar), viloyat (Toshkent shahar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi) miqyosida ommalashtirish toʻgʻrisida Metodik xizmat koʻrsatish boʻlimining Oʻquv metodik kengashi qarori har yili 15-mayga qadar ommalashtirish.uz platformasiga joylashtirilishi lozim.
Oʻquv metodik kengash qaroridan norozi boʻlgan talabgorlar uch ish kuni ichida Apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilishlari mumkin.
Qaror qabul qilishda quyidagi xulosalardan foydalanish mumkin:
— “Talabgorning metodik ishi maktab miqyosida ommalashtirilganligi inobatga olinsin va qayta takomillashtirish uchun talabgorga yuborilsin”;
— “Talabgorning metodik ishi tuman (shahar) miqyosida ommalashtirilsin”;
— “Talabgorning metodik ishi viloyat (Toshkent shahar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi) miqyosida ommalashtirilsin”;
— “Talabgorning metodik ishi viloyat (Toshkent shahar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi) miqyosida ommalashtirilib, respublika miqyosida ommalashtirishga tavsiya etilsin”.
Ommalashtirish.uz platformasi orqali tuman (shahar), viloyat (Toshkent shahar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi) miqyosida ommalashtirish uchun yuborilgan ishlar Metodik xizmat koʻrsatish boʻlimining Oʻquv metodik kengash qaroriga muvofiq Respublika taʼlim markazi tomonidan sertifikat beriladi.
Respublika miqyosida ommalashtirish:
Metodik xizmat koʻrsatish boʻlimining tavsiyasi asosida respublika miqyosida ommalashtirish uchun yuborilgan metodik ishlar Respublika taʼlim markazining Ilmiy-metodik kengashida oʻrganiladi. Bunda, talabgor tomonidan metodik ishi yuzasidan taqdimot qilinib, maksimal 20 ball bilan baholanadi.
Taqdimot uchun baholash mezoni Respublika taʼlim markazi tomonidan ishlab chiqilib, respublika bosqichi boshlanishidan bir oy oldin ommalashtirish.uz platformasiga joylashtiriladi.
Respublika bosqichida umumiy 86-100 ball bilan baholangan metodik ish Ilmiy-metodik kengash tomonidan respublika miqyosida ommalashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Respublika miqyosida ommalashtirish toʻgʻrisida Respublika taʼlim markazining Ilmiy-metodik kengash qarori har yili 30-mayga qadar ommalashtirish.uz platformasiga joylashtirilishi lozim. Ilmiy-metodik kengash qaroridan norozi boʻlgan talabgorlar uch ish kuni ichida Apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilishlari mumkin.
Ommalashtirish boʻyicha berilgan sertifikatlarning amal qilish muddatlari
Tuman (shahar), viloyat (Toshkent shahar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi) va respublika miqyosida ommalashtirilganligi toʻgʻrisidagi sertifikat berilgan kundan boshlab uch yilga qadar uch yilga amal qiladi.
Sertifikatlar faqat Respublika taʼlim markazi tomonidan beriladi hamda ommalashtirish.uz platformasi orqali talabgorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
Apellyatsiya komissiyasi
Tuman (shahar), viloyat bosqichidagi apellyatsiya komissiyasi Metodik xizmat koʻrsatish boʻlimining Oʻquv metodik kengash tarkibiga kirmagan uch nafargacha tegishliligi boʻyicha yuqori malakali fan mutaxassislaridan iborat tarkibda tuziladi.
Respublika bosqichidagi apellyatsiya komissiyasi Respublika taʼlim markazining Ilmiy-metodik kengashi tarkibiga kirmagan uch nafargacha tegishliligi boʻyicha yuqori malakali fan mutaxassislaridan iborat tarkibda tuziladi.
Tuman (shahar), viloyat va respublika bosqichlaridagi apellyatsiya komissiya tarkibiga boshqa muassasa va tashkilotlardan mutaxassislar jalb etish mumkin.
Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
— Oʻquv metodik kengash yoki Ilmiy-metodik kengash qarorini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiya shikoyati qondirilishini rad etish;
— Oʻquv metodik kengash yoki Ilmiy-metodik kengash qarorini oʻzgartirish va apellyatsiya shikoyatini qondirish.
— Bunda, Oʻquv metodik kengash yoki Ilmiy-metodik kengash qarorini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilishini rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
— metodik ishiga qoʻyilgan ballar baholash mezonlariga muvofiq toʻgʻri qoʻyilgan deb topilsa.
Oʻquv metodik kengash yoki Ilmiy-metodik kengash qarorini oʻzgartirish va apellyatsiya shikoyatini qondirish toʻgʻrisidagi qaror metodik ishiga qoʻyilgan ballar baholash mezonlariga zid ravishda qoʻyilgan deb topilsa qabul qilinadi.
Takroriy apellyatsiyaga yoʻl qoʻyilmaydi.
Talabgor Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga yoki yuqori turuvchi tashkilotlarga shikoyat qilishi mumkin.