Xitoyda dunyoda birinchi bo‘lib oy yuzasini taqlid qiluvchi ilmiy-sinov bazasi yaratildi. Bu haqda Xitoy Global Televideniye Tarmog‘i (CGTN) xabar berdi.
Ushbu baza yordamida mutaxassislar sayyoralar va ularning yo‘ldoshlari ichki qatlamlarini o‘rganishni rejalashtirmoqda.
Xitoyning shimoli-sharqiy Xeylungdyan hududida Oyni o‘rganishga ixtisoslashgan birinchi ilmiy-tadqiqot markazi ish boshladi. Bu markaz Pekin universiteti hamda yana yetti oliy taʼlim muassasalari, jumladan Chzetszyan universiteti, Harbin Politexnika universiteti va Sun Yatsen universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlarda Oy va Mars ostida lava kanallarining keng tizimlari mavjudligi aniqlandi. Bu yer osti bo‘shliqlari olimlar uchun qiziq, chunki ular Oy yuzasidagi qattiq sharoitlardan farq qilgan holda kosmik nurlanishdan tabiiy himoya qiladi.
Hozirda texnologiyalar boshqa sayyora va ularning yo‘ldoshlari ichki qatlamlarini chuqur o‘rganishga imkon bermaydi. Shu bois olimlar Xitoy shimoli-sharqidagi Jingbo ko‘li atrofida shunga o‘xshash lava kanallarini aniqladi.
Pekin universitetining kompyuter fanlari mutaxassisi Chjan Shanxan taʼkidlaganidek, «Robotlar inson ishlay olmaydigan sayyora va Oy yuzasida tadqiqot ishlarini olib borishi kerak. Biz “Muraq’iy” — egiluvchan manipulyatorli mobil robot va “Salamandra” — yumshoq transformatsiyalanadigan robotni maxsus olib keldik. Kelajakda robotlarni Oyda transport, qurilish va razvedka ishlarida ishlatish mumkin bo‘ladi.»
Mutaxassislar fikricha, ushbu ilmiy-sinov bazasi bir vaqtning o‘zida tajriba maydoni va o‘quv markazi bo‘lib, talabalar g‘or atrofida seysmograf va optik tolali seysmik qurilmalarni o‘rnatishni o‘rganmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Seysmograf — yer silkinishlarini o‘lchash uchun mo‘ljallangan qurilma. Seysmograflar, odatda, seysmik faoliyatni aniqlash va tahlil qilishda, yer silkinishining kuchi, davomiyligi va manzilini belgilashda ishlatiladi.
Optik tolali seysmik qurilmalar esa optik tolalardan foydalangan holda yer silkinishlarini o‘lchaydi. Bu qurilmalar seysmologik ma’lumotlarni to‘plash uchun optik interferometriya yoki boshqa optik texnologiyalarni qo‘llaydi.
