Malayziya poytaxtida matematika bo’yicha o’tkazilgan Janubi-Sharqiy Osiyo olimpiadasida (CEAMO 2025) o’zbekistonlik 17 nafar maktab o’quvchisi medallarni qo’lga kiritdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar bermoqda.
Ushbu olimpiadada o’zbekistonlik yoshlar 1 ta oltin, 3 ta kumush va 13 ta bronza medalini qo’lga kiritgan.
Bu yilgi olimpiadada 23 mamlakatdan 1800 nafar o’quvchi ishtirok etib, turli yosh toifalarida o’z bilimlarini namoyish etgan.
Milliy saralash bosqichida O’zbekistondan 1000 nafardan ortiq o’quvchi ishtirok etdi, ulardan 60 nafari xalqaro bosqichga yo’llanmani qo’lga kiritgan.
Olimpiada g’oliblariga xalqaro diplomlar topshirildi. Bu ularga nufuzli oliy o’quv yurtlariga kirish, stipendiyalar va ta’lim imtiyozlarini qo’lga kiritish huquqini beradi.
Janubi-Sharqiy Osiyo matematika olimpiadasi (CEAMO) Singapurning Terri Chyu akademiyasi tomonidan tashkil etilgan. Ushbu olimpiada orqali o’quvchilarning matematika fani bo’yicha bilim va savodxonligi tekshiriladi.
Ushbu nufuzli xalqaro tanlovda Avstraliya, AQSh, Singapur, Indoneziya, Yaponiya, Xitoy, O’zbekiston va boshqa mamlakatlardan 7 yoshdan 18 yoshgacha bo’lgan maktab o’quvchilari muntazam ishtirok etib kelmoqda.
