Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 11.05.2022-yildagi PF-134-son Farmoni 9-bandiga koʻra xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 va 20 foiz miqdorida har oylik qoʻshimcha ustama toʻlanishi belgilangan.
Ushbu farmon ijrosini taʼminlash maqsadida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023-yil 28-iyulda 25-sonli qoʻshma qaror ishlab chiqilgan va bu qaror 1-avgustdan kuchga kirgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 4-apreldagi 4-q/q-son va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2024-yil 2-apreldagi 3-mh-son qarori (roʻyxat raqami 3515)ga ilovada Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar Roʻyxati tasdiqlangan.
Ushbu qoʻshma qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran (29.05.2024) kuchga kirgan. Lekin qaror ilovasining 3-bobi rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran ikki oydan keyin kuchga kirishi belgilangan.
Shunday ekan 3-bob qoidalari 29.07.2024-yildan boshlab kuchga kirdi. Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi qonun 41-moddasiga asosan normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qoʻllaniladi. Shunga koʻra mazkur bob qoidalari kuchga kirgunga qadar olingan sertifikatlarga nisbatan 25-son qoʻshma qarordagi qoidalar qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligining 2022-yil 29-iyulda 34 q/k, 15-xx sonli qoʻshma qarori bilan berilishi boshlangan ustamalar sertifikat muddati davomida toʻlanishi qayd etilgan.
34-son qoʻshma qaror qoidalariga koʻra ustama sertifikat berilgan vaqtdan boshlab koʻpi bilan 3-yil toʻlanishi belgilangan. Ushbu qoida muddati bevosita oʻzida koʻrsatilmaydigan, yaʼni amal qilish muddati belgilanmagan sertifikatlar uchun qoʻllaniladi.
Mana shu qoidaga koʻra ustama sertifikat berilgan sanadan boshlab 3-yil toʻlanadi.