2023-yilning 4-15-dekabr kunlari maktablarda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha o‘qituvchilarning bilim va ko‘nikmalari onlayn diagnostikadan o‘tkaziladi.
Bunda o‘qituvchilar o‘zlariga qulay joy va belgilangan vaqtda diagnostikaga doir topshiriqlarni onlinedu.uz platformasi orqali bajarishlari mumkin bo’ladi.
Diagnostika natijalariga ko‘ra, o‘qituvchilarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarga bo‘lgan ehtiyojlari aniqlanadi. O‘qituvchilar tabaqalashgan taʼlim dasturlari asosida kasbiy ehtiyojiga mos malaka oshirish kurslariga jalb etiladi.
Tabaqalashgan taʼlim dasturlarida malaka oshirish kurslarining mazmuni o‘qituvchilarning metodik tayyorgarligini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
2024-yildan boshlab, yuqori natija ko‘rsatgan o‘qituvchilar onlayn (masofaviy) taʼlim shaklidagi malaka oshirish kurslariga jalb etiladi, past natija ko‘rsatgan o‘qituvchilar offlayn (anʼanaviy) shakldagi malaka oshirish kurslariga yuboriladi.
Qayd etish joizki, diagnostika jarayonlari kasbiy ehtiyojlarni aniqlashga qaratilgan bo‘lib, uning natijalari o‘qituvchilarning mehnat faoliyatiga hech qanday huquqiy va moliyaviy taʼsir ko‘rsatmaydi.