Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 275-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlash toʻgʻrisida«gi nizomning 18-bandiga koʻra, alohida hollarda xalq taʼlimi muassasalarida xodimning roziligi bilan kasblar (lavozimlar)ni birga qoʻshib olib borishga, shuningdek oʻzining asosiy ishi bilan birgalikda ishda vaqtincha boʻlmagan xodimlarning vazifalarini bajarishga yoʻl qoʻyiladi.
Vazirlar Mahkamasining 297-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Oʻrindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi toʻgʻrisida«gi nizomning 25-bandi mazmuniga koʻra, agar xodim bir nechta vazifani bajarayotgan yoki xizmat koʻrsatish doirasini kengaytirgan boʻlsa, unga bu qoʻshimcha ishlar uchun asosiy maoshining 50 foizidan oshmaydigan miqdorda qoʻshimcha haq toʻlanishi lozim.
Ammo mazkur nizomning 26-bandida byudjet tashkilotlarida bir necha kasbda va lavozimda ishlayotganlik uchun qoʻshimcha haq shunday kasb va lavozimdagi ish asosiy ish boʻyicha mehnat majburiyatlariga kiritilgan hollarda belgilanmasligi nazarda tutilgan. (Bu qoidalar Mehnat kodeksida ham mavjud)
Endi ushbu vaziyatda direktor vazifasini birga qoʻshib olib borayotgan oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarining mehnat majburiyatlarida direktor yoʻqligida uning vazifalarini bajarish majburiyati yuklanganmi yoki yoʻq, mana shuni bilib olishimiz kerak boʻladi.
Maʼlumki, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2024-yil 16-oktyabrdagi 334-sonli buyrugʻiga 43-ilovasi bilan umumiy oʻrta taʼlim maktabi (maktab-internat) xodimlarining lavozim yoʻriqnomasi tasdiqlangan.
Unga koʻra oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari direktor mehnat taʼtili, kasallik varaqasiga chiqqan hamda malaka oshirishga ketgan vaqtlarda uning lavozim majburiyatlarini bajarish vazifasi yuklatilgan. Yaʼni, agar maktab direktori mehnat taʼtili, kasallik varaqasiga chiqqan yoki malaka oshirishga ketgan boʻlsa va uning vazifasini oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari bajarayotgan boʻlsa, unga qoʻshimcha ish haqi toʻlab berilmaydi.
Manba: Xalq Ta’limi Info