Shavkat Mirziyoyev oʻqituvchining maoshi kelgusi yildan qay tarzda 12 millionga yetkazilishiga toʻxtaldi.
“Muallimlarni qoʻllab-quvvatlashni, ularning mehnatini munosib ragʻbatlantirishni albatta davom ettiramiz”, – degan davlat rahbari bugungi yigʻilishda.
“Mana, 1-oktyabrdan pedagog xodimlar ish haqini 15 foizga oshirdik. Kelgusi oʻquv yilidan xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish yoʻlga qoʻyiladi”,- dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sinovlarda 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglar qoʻshimcha 70 foiz ustama oladi. Bundan kelib chiqib, oliy toifali biologiya oʻqituvchisi oʻz fani boʻyicha xalqaro sertifikati boʻlsa – 50 foiz, direktor jamgʻarmasidan 40 foizgacha va yangi talabga javob bersa, yana 70 foiz ustama oladi.
Prezidentning qayd etishicha, shu tariqa oʻqituvchining umumiy oylik maoshi 4 million 500 ming soʻmdan 12 million soʻmga yetadi.