Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritmagan maktabgacha ta’lim tashkilotlari nomidan soxta ma’lumotlar kiritilib, 1,3 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari o‘zlashtirilgani aniqlangan. Holat yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda mazkur holat aniqlangan.
Tekshiruvda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining mas’ul shaxslari va boshqalar o‘zaro til biriktirib, “Mehnatobod” va “Dehqonobod” MFY hududlaridagi xonadonlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazgani aniqlangan.
Ushbu MTTlar amalda faoliyat yuritmagan bo‘lsa-da, rasmiy hujjatlarga ular faoliyat yuritayotgani haqida soxta ma’lumotlar kiritilib, 1,3 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan.
Natijada budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Namanganda ta’lim muassasalariga ajratilgan 1 mlrd so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlanganligi haqida xabar berilgan edi.
