Bugungi kunga qadar xalqaro imtihonlarda yuqori natija qayd etgan 74 102 nafar yoshga 151 mlrd so‘m kompensatsiya to‘landi. Kompensatsiya olish uchun arizani sertifikat olingan kundan boshlab 180 kun ichida my.gov.uz orqali topshirish lozim.
Bugungi kunga qadar xalqaro imtihonlarda yuqori natija qayd etgan 74 102 nafar yoshning imtihon xarajatlari qoplab berildi. Buning uchun jami 151 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Yoshlarning xalqaro sertifikatlarga bo‘lgan qiziqishi yildan yilga ortib bormoqda. Xususan, 2025-yilda 17 261 nafar yoshning imtihon xarajatlari qoplangan bo‘lsa, 2026-yil yakunigacha bu ko‘rsatkichni 25 850 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayevning ta’kidlashicha, kompensatsiyadan foydalangan yoshlar orasida 18–23 yoshdagilar eng katta ulushni tashkil etadi — 33 317 nafar. Shuningdek, 14–17 yoshli 25 112 nafar yoshning ham xalqaro imtihonlardagi xarajatlari qoplab berilgan.
Shunday qilib, jami kompensatsiya olganlarning 79 foizi 14–23 yoshdagilar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Umumiy hisobda esa imkoniyatdan 38 503 nafar qiz va 35 599 nafar yigit foydalangan.
IELTS eng talab yuqori imtihon bo‘lib qolmoqda
Xalqaro imtihonlar orasida IELTS’ga talab yuqori. Bugungi kungacha mazkur imtihonni topshirgan 54 048 nafar yoshga jami 125 mlrd so‘m kompensatsiya to‘langan.
SAT imtihonidan ham 9 082 nafar yosh yuqori natija qayd etgan.
Shu bilan birga, xalqaro imtihonlar ro‘yxati ham kengayib bormoqda. Jumladan, koreys tilidan TOPIK, xitoy tilidan HSK, nemis tilidan TestDaF va Goethe-Zertifikat kabi imtihonlar ham kompensatsiya tizimiga kiritilgan.
Kompensatsiya olish uchun arizani qachon topshirish kerak?
Xalqaro imtihon sertifikatini olgan yoshlar kompensatsiya olish uchun arizani sertifikat berilgan kundan boshlab 180 kun ichida topshirishi lozim. Belgilangan muddat o‘tkazib yuborilsa, kompensatsiya olish imkoniyati bo‘lmaydi.
Ariza Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali onlayn topshiriladi. Buning uchun portalda “O‘qish va xalqaro imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplash uchun ariza berish” xizmatidan foydalanish mumkin.
Tizimga OneID yoki MyID orqali kiriladi. Ariza berish jarayonida shaxsiy ma’lumotlarning bir qismi avtomatik tarzda shakllantiriladi.
Arizaga sertifikat va to‘lov kvitansiyasi PDF formatida ilova qilinadi. Shuningdek, sertifikatning ro‘yxatdan o‘tgan raqami, berilgan sanasi va imtihon topshirilgan tashkilot haqidagi ma’lumotlar kiritiladi.
Ariza topshirilgandan keyin nima bo‘ladi?
Arizani portal orqali yuborish kompensatsiya puli darhol o‘tkazilishini anglatmaydi.
Yoshlar ishlari agentligi taqdim etilgan sertifikatni 12–15 ish kuni ichida tekshiradi. Agar sertifikatni bergan tashkilotdan qo‘shimcha tasdiqnoma talab etilsa, tekshiruv jarayoni 42 kungacha davom etishi mumkin.
Ariza ma’qullangach, talabgorga SMS xabar yuboriladi va my.gov.uz portalidagi shaxsiy kabinetida kompensatsiya olish huquqini tasdiqlovchi ma’lumotnoma shakllantiriladi.
Mazkur ma’lumotnoma kompensatsiyani olishning keyingi bosqichida zarur bo‘ladi.
Ayrim hududlarda talablar yengillashtirilgan
Prezidentning 2022-yil 30-maydagi 264-son qaroriga ko‘ra, 12 ta hududda doimiy yashovchi yoshlar IELTS imtihonidan 6 va undan yuqori, TOEFL imtihonidan esa 60 va undan yuqori ball to‘plagan taqdirda, imtihon xarajatlarini qoplab beriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy hududlarida esa IELTS bo‘yicha talab 6 ball etib belgilangan.
