A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti IEA Bosh Assambleyasiga a’zo bo‘ldi. A’zolik 5-oktyabr kuni Varshavada o‘tkazilgan 67-sessiyada 55 ta davlat vakillari tomonidan ma’qullandi.
Joriy yilning 5-oktyabr kuni Varshava shahrida Ta’limdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) Bosh Assambleyasining 67-sessiyasi doirasida A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutining tashkilotga a’zoligi masalasi ko‘rib chiqildi.
Institut rektori Abduvali Ismailov tomonidan taqdimot o‘tkazilgach, institutning IEA Bosh Assambleyasiga a’zoligi ovozga qo‘yildi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, 55 ta davlat vakili tomonidan institutning a’zoligi tasdiqlandi.
Mazkur a’zolik O‘zbekiston ta’lim tizimi uchun xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Xususan, institut IEAning strategik yo‘nalishlarini muhokama qilish, ta’lim tadqiqotlari, yangi xalqaro loyihalar va tashabbuslar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zbekiston vakiliga IEA Bosh Assambleyasi sessiyalarida doimiy kafolatlangan o‘rin hamda ovoz berish huquqi beriladi.

