Dual ta’limda faol ishtirok etgan korxonalarga subsidiya va qator imtiyozlar beriladi

Dual ta’limda faol ishtirok etgan korxonalarga subsidiya va qator imtiyozlar beriladi

2027-yildan dual ta’limda faol ishtirok etadigan korxonalarga subsidiya va qator imtiyozlar beriladi. Xususan, ayrim yo‘nalishlarda talabalar uchun to‘langan ish haqi xarajatlarining 50 foizi korxonalarga subsidiya sifatida qoplanadi.

 

Prezidentning “Oliy ta’limda dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2026-yil 29-sentyabrdagi PF–209-son Farmoni qabul qilindi.

 

2027-yil 1-yanvardan korxonalarga quyidagi yoʻnalishlarda dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan har bir talaba uchun toʻlangan ish haqi xarajatlarining 50 foizi oʻquv yili yakunida subsidiya shaklida qoplanadi:

 

  • muhandislik ishi;
  • ishlab chiqarish va ishlov berish;
  • arxitektura va qurilish;
  • qishloq xoʻjaligi taʼlim sohalari.

 

Korxonalarga dual taʼlim shakliga qabul qilgan talabalar soniga mutanosib ravishda “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi” platformasida qoʻshimcha ballar beriladi. Bunda:

 

  • 5 nafardan 25 nafargacha – 5 ball;
  • 25 nafardan 50 nafargacha – 8 ball;
  • 50 nafar va undan ortiq boʻlganda – 10 ball.

 

Davlat xaridlarida ishtirokchilar takliflarini baholashda korxona tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot (tovar, ish, xizmat)larga dual taʼlim shakliga qabul qilgan talabalar soniga mutanosib ravishda quyidagicha:

 

  • 25 nafargacha – 5 foiz;
  • 25 nafardan 50 nafargacha – 10 foiz;
  • 50 nafar va undan ortiq boʻlganda – 15 foiz miqdorida preferensiya beriladi.

 

Korxonalar tomonidan OTM hududida dual taʼlim shakli uchun amaliyot bazasini tashkil etish faoliyatini amalga oshirish uchun olib kelingan jihozlar, uskunalar, laboratoriya jihozlari uchun bojxona boji stavkasi 2030-yil 1-yanvarga qadar 1 foiz etib belgilanadi.

 

Dual taʼlim dasturi boʻyicha amaliy mashgʻulotlar uchun korxonalar tomonidan xarid qilingan oʻquv uskunalari va jihozlarga nisbatan 3 yil muddatga tezlashtirilgan amortizatsiya qoʻllash huquqi beriladi.

 

Avvalroq, dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan ayrim talabalarga ijtimoiy stipendiya toʻlanishi haqida xabar berilgandi.