Qishloq xo‘jaligi sohasida yangi agrotexnologiyalar asosida ishlaydigan mutaxassislarni tayyorlash maqsadida “Yangi agronom” tizimi joriy etiladi. Unda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 2–3-bosqich talabalari tanlov asosida ishtirok etadi.
Hukumatning 24-sentyabr 513-sonli qarori bilan yangi agrotexnologiyalar asosida paxta va g‘alla yetishtirish ko‘nikmalariga ega “yangi agronom”larni tayyorlash hamda “ustoz-shogird” tizimlarini joriy etish belgilandi.
“Yangi agronom”larni tayyorlash tizimi doirasidagi amaliyotda Toshkent davlat agrar universiteti va qishloq xo‘jaligi sohasi uchun mutaxassislar tayyorlaydigan boshqa oliy ta’lim tashkilotlarining tegishli ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 2–3-bosqich talabalari tanlov asosida ishtirok etadi.
Tanlov oliy ta’lim tashkilotlarida har yili kamida bir marta o‘tkaziladi.
Amaliyotni a’lo baholar bilan tamomlagan talabalar maxsus komissiya tomonidan saralanib, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish uchun xorijiy davlatlarga yuboriladi.
Qaror bilan “ustoz-shogird” tizimini joriy etish ham nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari paxtadan gektariga 50–60 sentnerdan yuqori hosil olayotgan ilg‘or agroklasterlar va fermer xo‘jaliklarini “ustoz” sifatida tanlovda ishtirok etishga taklif qiladi.
“Ustoz” sifatida tanlab olingan har bir agroklaster yoki fermer xo‘jaligiga paxta hosildorligi gektariga 30 sentnerdan past bo‘lgan 20 tagacha fermer xo‘jaligi “shogird” sifatida biriktiriladi.
Hosil yili yakunida “shogird” fermer xo‘jaligi paxtadan gektariga 50 sentnerdan yuqori hosil olgan taqdirda, unga biriktirilgan “ustoz” agroklaster yoki fermer xo‘jaligiga har bir “shogird” uchun 5 mln so‘mdan mukofot puli beriladi.
“Ustoz-shogird” tizimi doirasidagi ishlar Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi orqali nazorat qilinadi. “Ustoz” va “shogird” sifatida ishtirok etuvchi agroklaster hamda fermer xo‘jaliklarining reyestri ham vazirlik tomonidan yuritiladi.
