44 yoshida talaba bo‘lgan Baxor Beknazarova 2002-yildan buyon boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. Hozir u ish faoliyatini davom ettirgan holda Shahrisabz davlat pedagogika institutida tahsil olmoqda.
Baxor Beknazarova 1983-yilda Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan. 2002-yilda pedagogika texnikumini imtiyozli tamomlagach, mehnat faoliyatini boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida boshlagan. Dastlab 48-maktabda, keyinchalik esa Yakkabog‘ tumanidagi 83-maktabda faoliyat yuritib kelmoqda.
2024-yilda u Shahrisabz davlat pedagogika institutining boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishiga sirtqi ta’lim shaklida o‘qishga kirgan. Ayni paytda 3-kursda tahsil olmoqda.
Baxor opaning Talimxabarlari.uz’ga ma’lum qilishicha, oliy ta’lim olish istagi avvaldan bo‘lgan. Biroq yillar davomida oila, ish va farzandlar bilan bog‘liq mas’uliyatlar sabab bu reja keyinga surilgan.
“Fursat shu vaqtda kelgan bo‘lsa kerak. Oldin oila, ish, farzandlar bilan bog‘liq vazifalar bor edi. Barcha imkoniyatlarimizni farzandlarimning ta’lim-tarbiyasiga yo‘naltirdik. Ushalmagan orzu-havaslarim ko‘p edi. 2005-yilda Zulfiya mukofoti tanlovining viloyat bosqichida qatnashganman. Bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqim baland bo‘lgan. Orzularimning barchasini farzandlarimda ko‘rishni xohlardim”, — deydi Baxor opa.
Bugun u oliy ta’lim olishni shunchaki diplom uchun o‘qish deb bilmaydi. Yangi bilimlarni o‘zlashtirish va o‘z ustida ishlashni kasbiy rivojlanishining muhim qismi deb hisoblaydi.

Ish va o‘qishni birga olib borish
Maktabdagi faoliyatini davom ettirgan holda institutda tahsil olish vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni talab qiladi. U esa ish va o‘qishni birga olib borib, ta’limni davom ettirmoqda.
U hozir ingliz tilini ham o‘rganmoqda. Kelgusida magistraturada, undan keyin esa PhD bosqichida tahsil olishni rejalashtirgan.
“Hozir ingliz tilini o‘rganyapman. Magistraturada ham o‘qimoqchiman. Pedagogika institutidagi ustozlarimga rosa havas qilaman. Undan keyin PhD — orzuda. Bularning zamirida mashaqqatli mehnat bor. Lekin chekinmayman”, — deydi u.
Uning fikricha, o‘qituvchi uchun ta’lim olish hech qachon to‘xtamasligi kerak. Chunki vaqt o‘tishi bilan o‘quvchilar, ta’lim metodlari va zamonning o‘zi ham o‘zgarib boradi.

“Farzandlarim bilan birga talaba bo‘ldim”
Institutda Baxor opaning nafaqat o‘zidan ancha yosh, balki o‘zidan katta kursdoshlari ham bor. Uning aytishicha, turli yoshdagi talabalar bilan birga o‘qish qiziqarli tajribaga aylanmoqda.
“Mendan ancha yosh va yoshi katta kursdoshlarim bor. Ular bilan birga o‘qish qiziqarli va ajoyib. Aksariyat ustozlar ham o‘qiydi. Pedagogik mahoratlarimiz bilan o‘rtoqlashamiz”, — deydi u.
Shu sababli uning uchun talabalik faqat darslarga qatnashishdan iborat emas. Bu jarayonda u o‘zining ko‘p yillik pedagogik tajribasini boshqalar bilan baham ko‘rish bilan birga, yangi bilim va yondashuvlarni ham o‘rganmoqda.
44 yoshida talaba bo‘lishining o‘zi uchun eng esda qolarli jihati haqida so‘ralganda esa, u bu davrni farzandlarining ta’lim yo‘li bilan bog‘laydi.
“Eng esda qolarli tomoni — farzandlarim bilan birga talaba bo‘lganim”, — deydi u.
Beknazarovaning farzandlari ham ta’lim olishga qiziqadi. Qizi Janubiy Koreyadagi Inha universitetida tahsil olmoqda, o‘g‘li esa muddatidan oldin talaba bo‘lgan. U oiladagi ta’limga bo‘lgan qiziqishni ota-bobolari va buvilaridan shakllangan ziyoli muhit, ota-onasining qo‘llab-quvvatlashi hamda farzandlarining o‘z ustida ishlashi bilan bog‘laydi.

“O‘qishga hech qachon kech emas”
Ko‘p yillik pedagogik tajribaga ega o‘qituvchi sifatida Beknazarova ta’lim olishni yosh bilan cheklash kerak emas, deb hisoblaydi. O‘qish jarayonida ba’zan ikkilangan paytlarida esa o‘ziga dalda berib, oldiga qo‘ygan maqsadini eslatadi.
“Yoshim o‘tib ketdi” deb o‘qishga ikkilanayotgan insonlarga esa Beknazarova Suqrotning bilim haqidagi fikrlarini misol qiladi. Uning aytishicha, inson avvalo o‘zining bilmagan narsalarini anglay olishi va bilim olishga intilishi kerak.
“Suqrotning bir gapi bor: insonning eng katta bilimi — o‘zining hech narsani bilmasligini bilishi. Men ham shuni o‘ylayman. Bilmagan narsalarimiz juda ko‘p. Ilm ummoniga sho‘ng‘igan sari yana qancha narsalarni bilmasligimizni tushunamiz. Shuning uchun yoshim o‘tib ketdi, endi o‘qimayman, deyish kerak emas. O‘qishga hech qachon kech emas. O‘qing, ilm ummoniga sho‘ng‘ib ko‘ring, afsuslanmaysiz”, — deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda 63 yoshli ayol oliy taʼlimni tamomlab, bakalavr diplomini olganligi haqida xabar bergan edik.
