2027/2028-o‘quv yilidan tibbiyot sohasida tor soha mutaxassislarini magistratura dasturlari orqali tayyorlash amaliyoti bekor qilinadi. Bunday mutaxassislar faqat rezidentura (ordinatura) orqali tayyorlanadi.
Prezidentning 2026-yil 10-sentyabrdagi “Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 191-son farmoni qabul qilindi.
Unga koʻra, tor soha mutaxassislarini tayyorlashda klinik ordinatura negizida xalqaro standartlar asosida davomiyligi tabaqalashtirilgan rezidentura dasturlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Bunda rezidenturada tor soha mutaxassislarini tayyorlash davlat tibbiyot taʼlim tashkilotlari va tibbiyot muassasalarida davlat granti asosida amalga oshiriladi.
2026/2027 oʻquv yilidan oilaviy tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha rezidentura tashkil etiladi hamda bitiruvchilarga oilaviy shifokor mutaxassisligi beriladi.
Izoh: Rezidentura talabalari (yoki rezidentlar) — bu oliy tibbiy ta’lim muassasasini (tibbiyot institutini) tamomlab, shifokorlik diplomini olgan, ammo mustaqil ravishda tor doiradagi mutaxassis (masalan, jarroh, kardiolog, nevropatolog va h.k.) bo‘lib ishlash huquqiga ega bo‘lish uchun klinik rezidenturada ixtisoslik bo‘yicha tahsil olayotgan shifokorlar.
2027/2028 oʻquv yilidan boshlab tor soha mutaxassislarini tayyorlash toʻliq rezidentura orqali amalga oshiriladi va ordinaturaga qabul toʻxtatilishi hamda tibbiyot yoʻnalishidagi tor soha mutaxassisliklari boʻyicha magistraturaga umumiy davlat buyurtmasi asosida oʻqishga qabul qilish parametrlarini qisqartirish hisobiga boʻshaydigan mablagʻlar mutaxassislarni rezidenturada tayyorlashga yoʻnaltiriladi.
Davlat granti asosida rezidenturaga qabul qilingan talabalarga Davlat byudjet mablagʻlari hisobidan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan 2,15 koeffitsiyent miqdorida stipendiya toʻlanadi.
Rezidentura taʼlim dasturlarini oʻzlashtirganlarga Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi va Milliy malakalar ramkasining 7-darajasiga mos keluvchi taʼlim toʻgʻrisida davlat namunasidagi diplom beriladi.
Shu bilan birga, farmonga muvofiq 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab:
- tor soha mutaxassisliklari boʻyicha birlamchi va qoʻshimcha ixtisoslashtirish faqat rezidentura orqali amalga oshiriladi;
- magistratura qabul parametrlarining qisqarishiga qadar boʻlgan miqdorining 20 foizgacha qismi magistratura dasturlari uchun saqlanadi;
- tibbiyot sohasida magistratura dasturi orqali tor soha mutaxassislarini tayyorlash amaliyoti bekor qilinadi;
- magistratura dasturlari boʻyicha oʻqishga oliy maʼlumotga ega nomutaxassis, biroq turdosh sohalarda taʼlim olganlarni ham qabul qilishga ruxsat beriladi;
- magistratura dasturlari ilmiy-pedagogik (nomutaxassislardan faqat ilmiy) va boshqaruv kadrlarini tayyorlashga xizmat qiladi;
- nodavlat tibbiyot va taʼlim tashkilotlariga tor soha mutaxassislariga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, tashkilotning oʻz mablagʻlari hisobidan rezidentura dasturlari boʻyicha oʻqishni yoʻlga qoʻyishga ruxsat etiladi.
Oilaviy tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha rezidentura talabalari Vazirlik tomonidan tibbiyot oliy taʼlim tashkilotiga biriktiriladigan oilaviy poliklinikalarda tayyorlanadi. Xususan, oilaviy poliklinikaga biriktirilgan aholiga tibbiy xizmatlar tibbiyot oliy taʼlim tashkiloti professor-oʻqituvchilari hamda rezidentura talabalari tomonidan ham koʻrsatiladi.
Shuningdek, oilaviy poliklinikada rezidentura talabalari bir vaqtning oʻzida ham taʼlim oladi, ham amaliyot bilan shugʻullanadi.
Avvalroq, kelasi o‘quv yilidan tibbiyot oliygohlariga kirishda minimal o‘tish bali maksimal ballning 60 foizi etib belgilanishi hamda “Umumiy tibbiyot” bitiruvchilari oilaviy shifokor lavozimida faoliyat yuritishi mumkin boʻlishi haqida xabar berilgandi.
