Endi 10-sinf o‘quvchilari ham o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin

Endi 10-sinf o‘quvchilari ham o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin

Vazirlar Mahkamasining 450-son qarori bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi belgilandi. Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha yagona tartib joriy etiladi.

 

Vazirlar Mahkamasining “Kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash hamda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 450-son qarori tasdiqlandi.

 

Qarorga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona tartibi belgilanadi.

 

Mazkur xizmatlardan foydalanish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali elektron shaklda topshiriladi.

 

Ariza beruvchilar o‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanish uchun har yili 1-avgustdan 20-avgustga qadar, 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha esa har yili 28-dekabrdan 17-yanvarga qadar Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YIDXP orqali ariza yuborishi mumkin.

 

Bunda 10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi alohida belgilanadi. Bu orqali o‘quvchilarning kasbiy ta’lim olish imkoniyatlari kengaytiriladi.

 

Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi joriy etiladi.

 

Qarorda davlat xizmatlarini raqamlashtirishga ham e’tibor qaratilgan. Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatlarini YIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyati yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.

 

Bundan tashqari, xizmat ko‘rsatish jarayonida zarur ma’lumotlarni tegishli davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi. Natijada fuqarolarning davlat xizmatlaridan foydalanish jarayoni soddalashtirilib, ortiqcha byurokratik jarayonlar kamaytiriladi.

 

Qaror bilan to‘liq tanishish — Faylni yuklash

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish