Toshkent shahrida Xitoy standartlari asosida koʻp tarmoqli xalqaro texnikum tashkil etish taklif qilinmoqda. Tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Muhokamalar portaliga ‘‘Toshkent shahrida Xitoy xalqaro texnikumi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida’’gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi joylashtirildi.
Loyihaga koʻra, Toshkent shahri Bektemir tumanida joylashgan Respublika televideniye va radio texnikumi negizida Xitoyning “China Oriental Education Holdings Limited” kompaniyasi bilan hamkorlikda Xitoy standartlari asosida koʻp tarmoqli Xitoy xalqaro texnikumini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Mazkur texnikum faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun Xitoy kompaniyasi tomonidan 5,1 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb etiladi. Texnikum nodavlat kasbiy taʼlim tashkiloti sifatida faoliyat yuritadi. Uning muassislari etib Xitoy kompaniyasi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligini belgilash taklif etilmoqda.
Loyihada texnikumda kadrlar kunduzgi, kechki va dual taʼlim shakllarida, toʻlov-kontrakt asosida tayyorlanishi belgilangan.
Shuningdek, ishsiz va band boʻlmagan, kasb oʻrganish istagidagi yoshlar hamda ish beruvchilar buyurtmasi asosida qisqa muddatli kasb kurslarini tashkil etish, shuningdek, xorijiy, xitoy va ingliz tillarini oʻqitish koʻzda tutilgan.
Texnikumda:
— zamonaviy fanlar va innovatsion texnologiyalar oʻquv dasturlariga joriy etiladi;
— raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektdan foydalaniladi;
— mahalliy va xorijiy malakali pedagoglar taʼlim jarayoniga jalb qilinadi;
— mahalliy pedagoglarning Xitoyda malaka oshirishi tashkil etiladi;
— xorijiy taʼlim dasturlari joriy etiladi.
Qaror loyihasida texnikumda Xitoyning “BYD”, “Chery”, “JAC” kabi yirik avtomobilsozlik korxonalarining buyurtmasi asosida oʻrta boʻgʻin kadrlari tayyorlanishi ham nazarda tutilgan. Bunda oʻquvchilarning mazkur korxonalarda amaliyot oʻtashi tashkil etiladi.
Shuningdek, bitiruvchilarga xorijda tan olinadigan sertifikatlar berish amaliyotini yoʻlga qoʻyiladi. Bundan tashqari, texnikum oʻquv jarayoni bilan bogʻliq maʼlumotlarni “Kasbiy taʼlim jarayonlarini boshqarish – EMIS PT” axborot tizimiga integratsiya qilishi belgilangan.
Texnikum taʼlim dasturlarini davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishi hamda nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish uchun belgilangan tartibda litsenziya olishi kerak boʻladi. Bitiruvchilarga Oʻzbekistonda tan olinadigan kasbiy taʼlim diplomi, qisqa muddatli kurslarni tamomlaganlarga esa tegishli sertifikat beriladi.
