Oliy ta’lim tashkilotlarida karyera markazlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Loyihaga ko‘ra, 2027-yildan barcha OTMlarda karyera markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va ular uchun yagona malaka talablari tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.
Muhokama portaliga ‘‘Oliy ta’lim tashkilotlarida karyera markazlari faoliyatini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida’’gi loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.
Loyihada oliy ta’lim bitiruvchilarining mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, talabalarni kasbga yo‘naltirish, amaliyot va stajirovkalarni tizimli tashkil etish hamda bitiruvchilarning ishga joylashish jarayonlarini yaxshilashga qaratilgan bir qator takliflar ilgari surilgan.
Loyihaga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha oliy ta’lim tashkilotlarida karyera markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, karyera markazlari rahbar va xodimlariga qo‘yiladigan malaka talablari, ularning malakasini oshirish, baholash va sertifikatlashni nazarda tutuvchi yagona tizim joriy etiladi.
Karyera markazlari talabalar va bitiruvchilarni kasbga yo‘naltirish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni rivojlantirish, amaliyot va stajirovkalarni muvofiqlashtirish, bitiruvchilarning ishga joylashishi va kasbiy rivojlanishini monitoring qilish bilan shug‘ullanishi belgilangan. Karyera markazlari faoliyati natijalari oliy taʼlim tashkilotlarini reytingini aniqlash va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishda alohida indikator sifatida inobatga olinadi.
Bundan tashqari, karyera markazlari faoliyati ta’lim dasturlarining mehnat bozori ehtiyojlariga mosligi, bitiruvchilarning barqaror bandlik ko‘rsatkichlari va ish beruvchilarning tayyorlanayotgan kadrlardan qoniqish darajasi asosida muntazam baholab boriladi.
OTMlar karyera markazlari uchun alohida ish rejasi va KPI ko‘rsatkichlarini joriy etishi, ish beruvchilar bazasini shakllantirishi, talabalar uchun karyera portfoliolarini yuritishi hamda bitiruvchilar faoliyatini monitoring qilishi kerak bo‘ladi.
Loyihaga ko‘ra, karyera markazi rahbari va xodimlari tegishli lavozimlarga “Karyera markazi menejeri” dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan va kasbiy baholashdan o‘tgan, sertifikatga ega shaxslar orasidan tanlanadi. Mazkur dastur 144 soatga mo‘ljallangan bo‘lib, uning 72 soati onlayn, 36 soati oflayn va 36 soati amaliy loyiha ishlaridan iborat bo‘lishi belgilangan.
Dastur doirasida mehnat bozori tahlili, kasbiy yo‘naltirish, ish beruvchilar bilan hamkorlik, dual ta’lim, amaliyot va stajirovkalar, raqamli karyera platformalari, ma’lumotlarni tahlil qilish, KPI, sun’iy intellekt asosida karyera maslahati kabi yo‘nalishlar o‘qitiladi.
Loyihada karyera markazlari faoliyati qoniqarsiz deb topilgan holatlar uchun ham ta’sir choralari belgilangan. Xususan, bitiruvchilarning ishga joylashish ko‘rsatkichi 50 foizdan kam bo‘lgan taqdirda, ta’lim tashkilotining keyingi o‘quv yili uchun yangi ta’lim dasturlarini joriy etishiga yo‘l qo‘ymaslik taklif qilinmoqda.
Loyihaga ko‘ra, 2028-yil 1-yanvardan yangi tashkil etiladigan nodavlat OTMlarda faoliyatining ikkinchi yilidan boshlab karyera markazlarini yo‘lga qo‘yish majburiy etib belgilanadi. Bunda taʼlim tashkilotida karyera markazi tashkil etilmaganligi aniqlansa, vakolatli organ tomonidan taʼlim tashkilotining litsenziyasini bekor qilish boʻychia sudga daʼvo kiritiladi.
Davlat OTMlarida esa karyera markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan ta’lim tashkilotlarini tashkil etishni taqiqlanadi.
