“Sportdan uzoqlashganlarni maydonga qaytarmoqchi edim”: Amudaryolik o‘qituvchi 30 yoshdan kattalar uchun mini-futbol ligasini tashkil etdi

“Sportdan uzoqlashganlarni maydonga qaytarmoqchi edim”: Amudaryolik o‘qituvchi 30 yoshdan kattalar uchun mini-futbol ligasini tashkil etdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani Mang‘it shahridagi 36-maktab jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Qurbonboyev Omonboy tashabbusi bilan 30 yoshdan kattalar o‘rtasida “AMU Liga” mini-futbol musobaqasi tashkil etildi. Unda 16 ta jamoa qatnashdi, ishtirokchilar orasida 50, 52 va 55 yoshli fuqarolar ham bo‘ldi.

 

Omonboy Qurbonboyevning Talimxabarlari.uz’ga ma’lum qilishicha, turnirni o‘tkazish g‘oyasi sportdan uzoqlashib qolgan yoshi katta fuqarolarni yana jismoniy faollikka jalb qilish istagidan kelib chiqqan.

 

“Sportdan yiroqlashgan yoshi katta insonlarni sportga jalb qilishni xohladim. Turnirni aholining sog‘lom turmush tarziga jalb qilish maqsadida tashkil etdik”, — deydi o‘qituvchi.

 

Dastlabki musobaqani aynan 30 yoshdan kattalar o‘rtasida o‘tkazishga qaror qilinishi ham bejiz emas. O‘qituvchining fikricha, bu yoshdagi fuqarolar orasida sport bilan muntazam shug‘ullanishdan uzoqlashganlar ko‘p bo‘lib, turnir orqali ularni yana futbol maydoniga qaytarish mumkin.

 

“Sportdan uzoqlashganlarni maydonga qaytarmoqchi edim”: Amudaryolik o‘qituvchi 30 yoshdan kattalar uchun mini-futbol ligasini tashkil etdi
Shaxsiy arxiv: Jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Qurbonboyev Omonboy

 

Musobaqa nizomiga ko‘ra, unda Amudaryo tumanida yashovchi 1996-yil va undan oldin tug‘ilgan fuqarolar qatnashishi mumkin bo‘lgan. Professional tarzda futbol yoki mini-futbol bilan shug‘ullanuvchi sportchilarning turnirda ishtirok etishiga ruxsat berilmagan.

 

Turnirda jami 16 ta jamoa qatnashgan. Biroq musobaqaga qiziqish bundan ham yuqori bo‘lgan.

 

“Yana 7 ta jamoa qatnashish istagini bildirdi. Ularga jamoalar soni to‘lganini va keyingi safar qatnashishlari mumkinligini aytdik”, — deydi o‘qituvchi.

 

Jamoalarni jalb qilishda ijtimoiy tarmoqdagi sahifadan foydalanilgan. O‘qituvchining aytishicha, futbolga qiziqish yuqori bo‘lgani sababli jamoalarni yig‘ishda katta qiyinchilik bo‘lmagan.

 

 

“Sportdan uzoqlashganlarni maydonga qaytarmoqchi edim”: Amudaryolik o‘qituvchi 30 yoshdan kattalar uchun mini-futbol ligasini tashkil etdi
Turnir setkasi

 

Musobaqa 3-avgust kuni boshlanib, 10-avgust kuni yakunlangan. O‘yinlar Amudaryo tumani Yangiobod mahallasidagi sun’iy qoplamali maydonda har kuni o‘tkazilgan. Turnir mini-futbol qoidalari asosida tashkil etilib, jamoalar guruhlarga bo‘lingan. Guruh bosqichida 1- va 2-o‘rinlarni egallagan jamoalar pley-off bosqichiga yo‘l oldi. Har bir uchrashuv 20 daqiqalik ikki taymdan iborat bo‘lgan.

 

O‘qituvchining o‘zi ham “Mahalla” jamoasi tarkibida turnirda futbolchi sifatida ishtirok etgan.

 

Musobaqada turli kasb va yoshdagi havaskor futbolchilar qatnashgan. Ular orasida 50, 52 va 55 yoshli fuqarolar ham bo‘lib, ular yoshroq ishtirokchilar bilan birga maydonga tushgan. Mazkur yoshi katta ishtirokchilar ham turnir davomida faol qatnashgan.

 

Musobaqa 10-avgust kuni final uchrashuvi bilan yakunlangan.

 

Hal qiluvchi bahsda “Arna bo‘yi” va “Mang‘it santexnika” jamoalari o‘zaro kuch sinashgan. Yakunda “Arna bo‘yi” 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, turnirning ilk chempioni bo‘lgan. “Mang‘it santexnika” jamoasi ikkinchi, “Kuyuk Ko‘pir” jamoasi esa uchinchi o‘rinni egallagan.

 

“Sportdan uzoqlashganlarni maydonga qaytarmoqchi edim”: Amudaryolik o‘qituvchi 30 yoshdan kattalar uchun mini-futbol ligasini tashkil etdi
Golib jamoa ‘‘Arna bo‘yi’’

 

Final uchrashuvini taxminan 500 nafar tomoshabin kuzatgan.

 

“Final juda qiziqarli o‘tdi. Tomoshabinlar ham ko‘p bo‘ldi. Bu sportga bo‘lgan qiziqishning yuqori ekanini ko‘rsatdi”, — deydi o‘qituvchi.

 

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlarga kubok, medallar hamda esdalik sovg‘alari topshirilgan. Mahalliy tadbirkorlar tomonidan vaucherlar ham taqdim etilib, ular sovrindorlar o‘rtasida taqsimlangan.

 

Shuningdek, individual nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlangan:

 

  • eng yaxshi darvozabon — Ibodullayev Sherzod;
  • eng yaxshi to‘purar — Sobirov To‘lqin;
  • eng yaxshi o‘yinchi — Safarboyev Oybek.

 

“Sportdan uzoqlashganlarni maydonga qaytarmoqchi edim”: Amudaryolik o‘qituvchi 30 yoshdan kattalar uchun mini-futbol ligasini tashkil etdi
Musobaqa ishtirokchilari

 

“Keyingisini albatta tashkil qilamiz. Aholi tomonidan iliq qabul qilindi va keng qo‘llab-quvvatlanmoqda”, — deydi o‘qituvchi.

 

O‘qituvchining aytishicha, “AMU Liga” kelgusida ham davom ettiriladi. Keyingi musobaqalarda ishtirokchilar yoshi va turnir formatini kengaytirish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish