Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 1-sinf oʻquvchilarining darsliklari belgilangan ogʻirlik meʼyoridan oshmasligini maʼlum qildi. Taʼkidlanishicha, sumkaning ogʻirlashishiga koʻpincha dars jadvalidan tashqari qoʻshimcha buyumlar sabab boʻladi.
Yangi oʻquv yili oldidan 1-sinf oʻquvchilarining maktabga qancha ogʻirlikdagi darslik olib borishi koʻplab ota-onalarni qiziqtirmoqda. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bu borada 1-sinf oʻquvchilari uchun tayyorlangan darslik majmualarining ogʻirligi belgilangan meʼyorlardan oshmasligini maʼlum qildi.
Vazirlik boshqarma boshligʻi Qahramon Almardonovning taʼkidlashicha, 1-sinf uchun jami 16 nomdagi darslik va 8 nomdagi mashq daftari mavjud. Biroq ularning barchasi bir vaqtning oʻzida foydalanilmaydi. Ayrim darsliklar choraklar boʻyicha alohida nashr etilgan boʻlib, oʻquvchilar faqat shu davr uchun kerakli qismini olib yuradi.
Misol tariqasida, haftaning kunlari boʻyicha 1-sinf oʻquvchisining darslik va mashq daftarlari ogʻirligi quyidagicha ekani keltirildi:
- dushanba — 1,6 kg;
- seshanba — 1,1 kg;
- chorshanba — 1,2 kg;
- payshanba — 1,1 kg;
- juma — 1,1 kg.
Dars jadvalida belgilangan kitob va daftarlargina olib borilsa, ularning ogʻirligi meʼyor doirasida boʻladi.
Shuningdek, sumkaning ogʻirlashishiga koʻpincha keyingi kun darsliklarini oldindan solib qoʻyish, ortiqcha mashq daftarlari, suv idishi, ovqat qutisi yoki katta hajmdagi sumkalardan foydalanish kabi omillar sabab boʻlishi mumkin.
Vazirlik ota-onalar va oʻquvchilarga dars jadvaliga muvofiq faqat kerakli oʻquv qurollarini olib yurishni tavsiya qildi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq 1-sinf oʻquvchilariga “Prezident sovgʻalari” 25-avgustga qadar yetkazilishi hamda uning tarkibida 12 turdagi oʻquv qurollari boʻlishi haqida xabar berilgan edi.
