Maktabgacha ta’lim pedagoglarini dual ta’limda o‘qitish tartibi ishlab chiqildi

Maktabgacha ta’lim pedagoglarini dual ta’limda o‘qitish tartibi ishlab chiqildi

Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ishlayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar ish faoliyatini davom ettirgan holda bakalavr darajasini dual ta’lim shaklida olishi mumkin. O‘quv jarayoni haftasiga bir kun oliy ta’lim muassasasida, besh kun esa ish joyida tashkil etiladi, nazariy mashg‘ulotlarning bir qismi esa LMS platformasi orqali masofadan o‘qitiladi.

 

Muhokamalar portaliga “Oliy ta’lim tashkilotlarida maktabgacha taʼlim yoʻnalishida oʻrta maxsus maʼlumotli pedagog kadrlar uchun oʻquv jarayonini dual taʼlim shaklida tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi nizom loyihasi joylashtirildi.

 

Loyihaga ko‘ra, dual ta’lim 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-iyundagi 321-son qarorida belgilangan pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida joriy etiladi.

 

Dual taʼlim shaklida maktabgacha taʼlim bakalavriat taʼlim yoʻnalishida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladigan pedagogika oliy taʼlim tashkilotlari
ROʻYXATI

T/r

Oliy taʼlim tashkiloti nomi

Oliy taʼlim tashkiloti joylashgan hudud

1.

Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti

Toshkent shahri

2.

Nukus davlat pedagogika instituti

Qoraqalpogʻiston Respublikasi

3.

Andijon davlat pedagogika instituti

Andijon viloyati

4.

Buxoro davlat pedagogika instituti

Buxoro viloyati

5.

Jizzax davlat pedagogika universiteti

Jizzax viloyati

6.

Shahrisabz davlat pedagogika instituti

Qashqadaryo viloyati

7.

Namangan davlat pedagogika instituti

Namangan viloyati

8.

Navoiy davlat universiteti

Navoiy viloyati

9.

Samarqand davlat pedagogika instituti

Samarqand viloyati

10.

Kattaqoʻrgʻon davlat pedagogika instituti

Samarqand viloyati

11.

Guliston davlat pedagogika instituti

Sirdaryo viloyati

12.

Termiz davlat pedagogika instituti

Surxondaryo viloyati

13.

Chirchiq davlat pedagogika universiteti

Toshkent viloyati

14.

Urganch davlat pedagogika instituti

Xorazm viloyati

15.

Qoʻqon davlat universiteti

Fargʻona viloyati

 

Nizomga muvofiq, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar, jumladan, tarbiyachi yordamchilari ham to‘lov-kontrakt asosida “Maktabgacha ta’lim” bakalavriat ta’lim yo‘nalishida dual ta’lim shaklida tahsil olishi mumkin bo‘ladi.

 

O‘quv jarayoni haftasiga bir kun oliy ta’lim muassasasida, besh kun esa maktabgacha ta’lim tashkilotida tashkil etiladi. O‘qish muddati 4 yil etib belgilanmoqda.

 

Loyihaga ko‘ra, dual ta’limni tashkil etish uchun oliy ta’lim muassasasi, maktabgacha ta’lim tashkiloti va talaba o‘rtasida uch tomonlama shartnoma imzolanadi.

 

Nazariy mashg‘ulotlarning bir qismi LMS platformasi orqali masofaviy shaklda tashkil etiladi. Talabalar hafta davomida videodarslar va elektron o‘quv materiallarini mustaqil o‘zlashtiradi, shanba kunlari esa oliy ta’lim muassasasida seminar mashg‘ulotlarida ishtirok etadi.

 

Loyihada yana bir muhim norma nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, talaba ishlayotgan maktabgacha ta’lim tashkiloti bilan mehnat shartnomasi bekor qilinsa, u 60 kun ichida boshqa maktabgacha ta’lim tashkilotiga ishga joylashgan taqdirda, o‘qishini davom ettirishi mumkin bo‘ladi.

 

Shuningdek, talabalar har semestrda bir marta oliy ta’lim muassasasiga o‘quv sessiyasiga chaqiriladi. O‘quv sessiyasi boshlanishidan kamida 10 kun oldin talabaga xabarnoma yuboriladi. Sessiya davomida talaba semestr davomida bajarilgan topshiriqlarni himoya qiladi. Fan bo‘yicha barcha topshiriqlar ijobiy baholangan taqdirda, unga yakuniy baholashda ishtirok etish huquqi beriladi.

 

Talabalarga o‘quv sessiyasida qatnashishi uchun ish joyidan 7 kalendar kungacha o‘rtacha ish haqi saqlangan qo‘shimcha ta’til beriladi. Kursda qoldirilgan talabalarga esa haq to‘lanmaydigan ta’til uchun taklif xabarnomasi rasmiylashtiriladi.

 

Bundan tashqari, dual ta’lim bitiruvchilariga yakuniy davlat attestatsiyasi hamda bitiruv malakaviy ishini himoya qilish uchun 14 kalendar kungacha o‘rtacha ish haqi saqlangan qo‘shimcha ta’til berilishi nazarda tutilgan.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish