Toshkentda avval magistr, keyin bakalavrlarni tayyorlaydigan yangi universitet ochiladi

Toshkentda avval magistr, keyin bakalavrlarni tayyorlaydigan yangi universitet ochiladi

Toshkentda O‘zbekiston–Yaponiya qo‘shma universiteti tashkil etiladi. Unda dastlab sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya hamda biznes boshqaruvi yo‘nalishlarida magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.

 

Kelishuvga muvofiq, yangi oliy taʼlim tashkiloti zamonaviy texnik va boshqaruv kompetensiyalariga ega yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi taʼlim, ilmiy hamda madaniy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, mamlakat oliy taʼlim tizimini xalqaro akademik hamjamiyatga yanada integratsiya qilishga xizmat qiladi.

 

Loyihaga koʻra, universitet Oʻzbekiston qonunchiligiga muvofiq mustaqil yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritadi. Taʼsischilar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Sukuba universiteti muvofiqlashtiradigan Yaponiya universitetlari konsorsiumi boʻladi. Sukuba universiteti akademik va taʼlim jarayonlari hamda konsorsium faoliyatini muvofiqlashtiruvchi tashkilot sifatida ishtirok etadi.

 

Dastlab universitetda sunʼiy intellekt va raqamli transformatsiya hamda biznes boshqaruvi yoʻnalishlari boʻyicha magistratura dasturlari yoʻlga qoʻyiladi. Keyingi bosqichlarda doktorantura va bakalavriat dasturlarini ochish rejalashtirilgan. Taʼlim jarayoni ingliz tilida olib borilib, Yaponiya oliy taʼlimi modeli asosida tashkil etiladi. Shuningdek, talabalar uchun Yaponiyada qisqa muddatli taʼlim dasturlari hamda yapon tili va madaniyatiga oid kurslar tashkil etiladi.

 

Kelishuvga muvofiq, Oʻzbekiston tomoni universitetning kampusi, zamonaviy oʻquv va ilmiy infratuzilmasi, professor-oʻqituvchilar hamda maʼmuriy xodimlar faoliyatini moliyalashtirishni taʼminlaydi. Sukuba universiteti esa oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, Yaponiya universitetlari konsorsiumi faoliyatini muvofiqlashtirish, professor-oʻqituvchilarni jalb etish va akademik almashinuv dasturlarini tashkil etishda koʻmaklashadi.

 

Rejaga koʻra, 2026-yil sentyabr oyidan Toshkent shahrida tayyorgarlik ofisi ish boshlaydi. Magistratura dasturlariga ilk qabul 2028/2029-oʻquv yilidan boshlab amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

 

Mazkur loyiha Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi oliy taʼlim sohasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

Avvalroq, davlat oliygohlarida yana 11 ta yangi ta’lim yo‘nalishi ochilishi haqida xabar bergan edik.