Xorijiy tillarni o‘rganish miyaning 13 yilgacha yoshroq saqlanishiga yordam beradi — tadqiqot

Xorijiy tillarni o‘rganish miyaning 13 yilgacha yoshroq saqlanishiga yordam beradi — tadqiqot

Yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, bir nechta tilni bilish miyaning qarish jarayonini sekinlashtirishi mumkin. Bu haqda Ispaniyaning Barselona shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa Nevrologiya Jamiyatlari Federatsiyasi (FENS) forumida ma’lum qilindi.

 

Tadqiqotchilar aniqlashicha, ikki va undan ortiq tilni biladigan insonlarning miyasi faqat bitta tilni biladigan odamlarnikiga qaraganda 6–13 yil yoshroq ko‘rinadi.

 

Tadqiqot mualliflaridan biri, Ispaniyadagi Bask Kognitsiya, Miya va Til markazi ilmiy direktorining o‘rinbosari Lusiya Amoruso shunday deydi:

 

Oddiy qilib aytganda, bir nechta tilda so‘zlasha oladigan odamlarning miyasi ularning haqiqiy yoshiga nisbatan yoshroq ko‘rinadi.

 

Tadqiqot qanday o‘tkazilgan?

 

Olimlar dastlab 728 nafar ishtirokchining miya skanerlarini tahlil qilib, “miya qarish soati” (brain aging clock) deb nomlangan modelni yaratgan.

 

Ushbu model miyaning turli qismlari o‘rtasidagi bog‘lanish darajasiga qarab uning biologik yoshini baholaydi.

 

Xorijiy tillarni o‘rganish miyaning 13 yilgacha yoshroq saqlanishiga yordam beradi — tadqiqot

 

Shundan so‘ng model 144 nafar boshqa ishtirokchida sinovdan o‘tkazilgan. Ularning ayrimlari 4 tagacha xorijiy tilni bilgan.

 

Natijalar nimani ko‘rsatdi?

 

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, inson qancha ko‘p til bilsa, uning miyasi shuncha yoshroq ko‘rinadi.

 

Jumladan:

 

  • 2 tilni biladiganlarning miyasi o‘rtacha 6 yil yoshroq;
  • 3 tilni biladiganlarning miyasi 7 yil yoshroq;
  • 4 tilni biladiganlarning miyasi esa 13 yil yoshroq ko‘ringan.

 

Bu ko‘rsatkichlar faqat bitta tilni biladigan insonlar bilan solishtirilgan.

 

Xorijiy tillarni o‘rganish miyaning 13 yilgacha yoshroq saqlanishiga yordam beradi — tadqiqot

 

Tilni erta o‘rganishning foydasi

 

Tadqiqotchilar yana bir muhim xulosaga kelgan: xorijiy tilni yoshligidan o‘rganishni boshlash miyaning qarish jarayonini yanada sekinlashtiradi.

 

Bundan tashqari, katta yoshda ham yangi tilni yuqori darajada o‘zlashtirish miyaning sog‘lig‘iga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

 

Tadqiqot mualliflaridan biri Lusiya Amoruso shunday deydi:

 

Natijaga faqat nechta til bilish emas, balki tilni qanchalik yaxshi egallaganingiz va uni qaysi yoshda o‘rganishni boshlaganingiz ham ta’sir qiladi.

 

Uning ta’kidlashicha, tilni o‘rganish tajribasining davomiyligi va chuqurligi muhim ahamiyatga ega. Ya’ni gap faqat 2 tilni bilish yoki bilmaslikda emas, balki til bilan qancha uzoq va qanchalik faol shug‘ullanganingizda.

 

Xorijiy tillarni o‘rganish miyaning 13 yilgacha yoshroq saqlanishiga yordam beradi — tadqiqot

 

Olimlar endi xorijiy tillarni bilish Alsgeymer kasalligi va boshqa miya faoliyati bilan bog‘liq kasalliklar xavfini kamaytirishga yordam beradimi yoki yo‘qmi, shuni o‘rganishni rejalashtirmoqda.

 

Mutaxassislar nima deydi?

 

Tadqiqotni baholagan Gretsiyadagi Afina Milliy va Kapodistriya universiteti professori Kristina Dallaning aytishicha, miyaning sog‘lom faoliyat yuritishiga ko‘plab omillar ta’sir qiladi.

 

Jumladan:

 

  • chekishdan voz kechish;
  • sog‘lom ovqatlanish;
  • ijtimoiy va madaniy hayotda faol ishtirok etish;
  • muntazam jismoniy faollik;
  • miyani doimiy ravishda yangi bilimlar bilan band qilib turish.

 

Professorning fikricha:

 

Ushbu tadqiqot ikkinchi, uchinchi yoki hatto to‘rtinchi tilni o‘rganish miyaning uzoqroq vaqt davomida yosh saqlanishiga yordam berishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Qanchalik erta boshlasak, shunchalik yaxshi.

 

Uning ta’kidlashicha, har qanday yoshda yangi til o‘rganishning ijtimoiy, madaniy va sog‘liq uchun foydalari juda ko‘p. Shu sababli maktablarda ham, butun umr davomida ham xorijiy tillarni o‘rganishni qo‘llab-quvvatlash muhim. Til o‘rganish ba’zan qiyin tuyulishi mumkin, biroq u miya salomatligini saqlashga ham xizmat qiladi.

 

Avvalroq, chet tilini o‘rganish miya va tafakkurga qanday ta’sir qilishi hamda 5 ta foydali jihati haqida batafsil ma’lumot berilgandi.