Toshkentdagi bog‘chada bolaga tan jarohati yetkazilgani yuzasidan qo‘shimcha tekshiruv tayinlandi

Toshkentdagi bog‘chada bolaga tan jarohati yetkazilgani yuzasidan qo‘shimcha tekshiruv tayinlandi

Toshkentdagi xususiy maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchi bola tarbiyachi tomonidan kaltaklangani haqidagi murojaat yuzasidan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qaror bekor qilindi. Ish qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazish uchun ichki ishlar organiga yuborilgan.

 

Bolalar ombudsmani kotibiyatiga Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashovchi fuqaroning murojaati kelib tushgan.

 

Unda aytilishicha, fuqaroning voyaga yetmagan farzandi Yakkasaroy tumanidagi xususiy maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanadi. Murojaatda tarbiyachi tomonidan bolaga tan jarohati yetkazilgani, bu holat yuzasidan tegishli idoralarga murojaat qilinganiga qaramay, voqea yetarli darajada o‘rganilmaganidan norozilik bildirilgan.

 

Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida holat Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olinib o‘rganilgan.

 

O‘rganish davomida jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qaror qabul qilinishida barcha zarur protsessual harakatlar to‘liq amalga oshirilmagani aniqlangan. Shu sababli mazkur qaror bekor qilinib, ish materiallari qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish uchun tegishli ichki ishlar organiga yuborilgan.

 

Bolalar ombudsmani mazkur holatda bolaning huquqlari tiklanishi yuzasidan kuzatuvni davom ettirishini ma’lum qilgan.