Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi 5-sonli maktabning 11-sinf o’quvchisi tegishli barcha fanlardan milliy sertifikatlarni olib, muddatidan oldin talaba bo’ldi.
Muborak tumanidagi 5-sonli umumiy o’rta ta’lim maktabining bitiruvchi sinf o’quvchi Tilavova Xanifa 5 ta umumta’lim fanidan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin 189 ballni naqd qildi.
O’quvchining so’zlariga ko’ra, u tayyorgarlik ko’rish jarayonida fanlar qiyinligidan emas, balki vaqt kamligidan biroz qiynalgan. Chunki ham maktab darslarini o’zlashtirish, ham qo’shimcha tayyorgarlik ko’rish ancha mehnat va mas’uliyat talab etadi. U har kuni 6-7 soat tizimli ravishda dars qilgan.
Xanifaning ta’kidlashicha, u uchun eng oson fan ona tili bo’lgan va ushbu fandan qisqa muddatda A+ natijani qo’lga kiritgan. O’quvchi ona tili va adabiyot (A+), ingliz tili (B2), tarix (B), matematika(C+) fanlaridan sertifikat olgan bo’lsa, umumiy 5 marta imtihon topshirib ushbu natijani qayd etgan.
Uni qiyin vaqtlarda va charchagan holatlarda ota-onasining qo’llab-quvvatlashi katta motivatsiya berib turgan. Uning so’zlariga ko’ra, har qanday natija uchun eng muhim narsa bu insonning o’ziga bo’lgan ishonchidir. Inson qachonki o’ziga va oldiga qo’ygan maqsadlariga ishonch bilan qarasa, barcha qiyinchiliklarni yengib o’tish mumkin.
O’quvchining keyingi o’qishlariga omad va rivoj tilaymiz.
