Bugun, 18-iyun soat 08:34 holatiga ko‘ra, davlat oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tganlar soni 274 mingdan oshdi.
2026–2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul jarayonida abituriyentlarning onlayn ro‘yxatdan o‘tishi davom etmoqda. Bilimni baholash agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 18-iyun soat 08:34 holatiga jami 274 515 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan.
Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 261 nafarga yoki 11 foizga ko‘p. 2025-yilning mos davrida ro‘yxatdan o‘tganlar soni 247 254 nafarni tashkil etgan.
Ro‘yxatdan o‘tganlarning 164 329 nafari (59,9 foiz) joriy yil bitiruvchilari bo‘lsa, 110 186 nafari (40,1 foiz) avvalgi yillar bitiruvchilari hisoblanadi.
Xususan, ulardan 138 854 nafar ayol (50,6 foiz) va 135 661 nafar erkak (49,4 foiz) abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Ta’lim tili bo‘yicha eng katta ulushni o‘zbek tilida ta’lim olish istagini bildirganlar tashkil etmoqda. Xususan:
- O‘zbek tili — 243 396 nafar (88,7 foiz);
- Rus tili — 26 064 nafar (9,5 foiz);
- Qoraqalpoq tili — 4 379 nafar (1,6 foiz);
- Boshqa tillar — 676 nafar (0,2 foiz).
Hududlar kesimida eng ko‘p abituriyent Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, ularning soni 49 298 nafarga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda my.uzbmb.uz platformasi orqali amalga oshirilmoqda. Onlayn ro‘yxatdan o‘tishning birinchi bosqichi 25-iyunga qadar (shu kuni ham) davom etadi.
Avvalroq, joriy yil 16-iyun kuni soat 18:36 holatiga asosan, davlat OTMlari va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tganlar soni 216 582 nafarni tashkil etgan edi.
