O‘zbekistonda sun’iy intellektdan foydalanish ko‘rsatkichi jahon o‘rtacha darajasidan past

O‘zbekistonda sun’iy intellektdan foydalanish ko‘rsatkichi jahon o‘rtacha darajasidan past

Microsoft hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda generativ sun’iy intellektdan foydalanish darajasi 7,2 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich jahon o‘rtacha darajasidan past ekani qayd etilgan.

 

2026-yilning birinchi choragida O‘zbekiston aholisining 7,2 foizi generativ sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan. Bu haqda Microsoft kompaniyasining Global AI Diffusion Report hisobotida ma’lum qilindi.

 

Hisobotga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich jahon o‘rtacha darajasidan ancha past. Shu davrda dunyo bo‘yicha generativ sun’iy intellektdan foydalanuvchilar ulushi 16,3 foizdan 17,8 foizgacha oshgan.

 

Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori natija Qozog‘istonda qayd etilgan. U yerda aholining 15,9 foizi sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanadi. Qirg‘izistonda bu ko‘rsatkich 9,5 foizni tashkil qilgan.

 

O‘zbekiston esa mintaqada Qozog‘iston va Qirg‘izistondan keyingi o‘rinni egallagan. Tojikiston va Turkmanistonda generativ sun’iy intellektdan foydalanish darajasi 6,1 foiz etib qayd etilgan.

 

Jahon reytingida esa Birlashgan Arab Amirliklari yetakchilik qilmoqda. Mamlakatda aholining 70,1 foizi generativ sun’iy intellektdan foydalanadi. Ikkinchi o‘rinda 63,4 foiz bilan Singapur qayd etilgan. Kuchli beshlikka, shuningdek, Norvegiya, Irlandiya va Fransiya ham kirgan.

 

Microsoft mutaxassislari sun’iy intellekt texnologiyalarining joriy etilishi dunyo bo‘ylab bir xil sur’atda kechmayotganini ta’kidlagan. Ularning fikricha, bunga internet qamrovi, elektr ta’minotining barqarorligi, raqamli infratuzilma sifati hamda aholining raqamli ko‘nikmalari darajasi kabi omillar ta’sir ko‘rsatmoqda.

Avvalroq, Qozog‘iston oliygohlari talabalarning ChatGPT dan foydalanishini aniqlash uchun o‘n minglab dollar sarflayotgani haqida xabar bergan edik.