Bitiruvchilar qanday hollarda yakuniy davlat attestatsiyasidan ozod etiladi?

Bitiruvchilar qanday hollarda yakuniy davlat attestatsiyasidan ozod etiladi?

Bitiruvchilar ayrim hollarda yakuniy davlat attestatsiyasidan qisman yoki to‘liq ozod etiladi. Shu bilan birga, ayrim vaziyatlarda imtihonlarni muddatidan oldin yoki keyin topshirish imkoniyati ham mavjud.

 

Bitiruvchi sinflarda yakuniy attestatsiya oʻtkaziladigan fanlar roʻyxati, shakli va muddatlari har oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

 

Bunda, ushbu roʻyxatga taʼlim tili oʻzbek tili boʻlmagan maktablar uchun davlat tili majburiy fanlar blokiga kiritiladi.

 

Yakuniy davlat attestatsiyasi doirasida 11-sinf bitiruvchilari majburiy hamda tanlov fanlari boʻyicha yakuniy attestatsiyadan oʻtkaziladi.

 

Bunda, tanlov fanlari roʻyxatidan bitiruvchi oliy taʼlim tashkilotiga kirish imtihonidagi oʻzi tanlagan yoʻnalishga mos fanlarni tanlashi mumkin.

 

Fanlarni ijobiy oʻzlashtirayotgan bitiruvchilar yakuniy attestatsiyadan quyidagi hollarda qisman yoki butunlay ozod etiladilar:

 

xalqaro va respublika miqyosida oʻtkaziladigan fan olimpiadalarida, sport musobaqalarida, turli koʻrik-tanlovlarida bitiruvchilarning ishtiroki bevosita yakuniy attestatsiya davriga toʻgʻri kelsa, shu kunlardagi yakuniy attestatsiyadan ozod etiladi;

 

xorijiy tillar hamda umumtaʼlim fanlari boʻyicha milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlgan oʻquvchi yakuniy attestatsiya topshiriladigan fandan ozod etiladi;

 

— yakuniy davlat attestatsiyasidan ozod qilishi mumkin boʻlgan kasalliklarga asosan ozod etiladi.

 

Biroq har qanday kasallik imtihondan ozod qilmaydi. Agar o‘quvchi attestatsiya davrida vaqtincha kasal bo‘lib, keyinchalik sog‘ayib kelsa, u qoldirilgan fanlardan attestatsiya tugaganidan so‘ng ikki hafta ichida imtihon topshiradi.

 

Shu bilan birga, yashash joyi o‘zgarib, xorijga chiqayotgan bitiruvchilarga (mart–may oylarida) attestatsiyani muddatidan oldin topshirishga ruxsat beriladi. Bunday hollarda imtihonlar maktabda tuzilgan alohida komissiya tomonidan o‘tkaziladi.